Yashil texnologiyalarni joriy qilishda Koreya tajribasi
“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida Janubiy Koreyaning "GDM ECO" Co.Ltd. kompaniyasi ijrochi direktori Li Jang Youl boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
"GDM ECO" – mahalliy va xalqaro miqyosda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga ixtisoslashgan bo‘lib, sanoat korxonalariga mo‘ljallangan atmosfera havosini ifloslanishini nazorat qiluvchi uskunalarni ishlab chiqarish, o‘rnatish va loyihalash bilan shug‘ullanadi.
Uchrashuvda majmuaning Etilen ishlab chiqarish bo‘linmadagi Oltingugurt olish qurilmasi ish samaradorligini oshirish hamda Oqova suvlarni tozalash bo‘linmadagi suvlarni ikkilamchi maqsadda foydalanishga yo‘naltirish bo‘yicha o‘zaro fikrlar almashildi.
Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida majmua atrofida "Yashil belbog‘" yaratish, sanoat chiqindilardan ikkilamchi maqsadlarda foydalanish, sanitariya va ekologik holat sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.