Umrini yashab boʻlgan eski kondan yangi quduqlar
Boshqaruv raisining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi arafasida kecha kechqurun “Kultak” konidagi 39R-sonli qidiruv qudugʻidan sanoat ahamiyatidagi tabiiy gaz oqimi olindi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, quduqning kunlik debiti 300 ming kub metrni tashkil etmoqda.
Mazkur natija qayd etish joizki, uzoq yil foydalanilgan kon va ulardagi quduqlarga nisbatan yangicha yondashuvning amaliy natijasidir. Sababi, Kultak koni dastlab 1963-yil ochilib, 1978-yil ishlatishga qoʻshilgan. Qariyb 50 yildan beri sanoat miqyosida gaz oqimi olib kelinadi. Konda olib borilgan geologiya qidiruv ishlari natijasida yana sanoat miqyosida gaz olinadigan quduqlar topilyapti.
Quduq “Alan” 3D seysmik-qidiruv loyihasi maʼlumotlarini qayta ishlash va tahlil qilish asosida belgilangan nuqtada joylashtirilgan. 2026-yil 1-sentyabrda boshlangan burgʻilash ishlari 3 020 metr chuqurlikkacha davom ettirildi.
Quduqning mahsuldor qatlamlarini sinash jarayonida 2 868–3 020 metr oraligʻidagi karbonat yura yotqiziqlaridan sanoat miqyosidagi gaz oqimi olindi. Hozirda qatlamning tabiiy xususiyatlarini aniqlash, gazodinamik va gazokondensat tadqiqotlarini oʻtkazish ishlari davom etmoqda. Shu sababli keltirilgan debit dastlabki koʻrsatkich hisoblanadi.
Boshqaruv raisi quduqni ishga tushirishga tayyorlash jarayoni bilan tanishar ekan, olingan natijani amaldagi qazib chiqarish koʻrsatkichlariga qisqa fursatlarda qoʻshish muhimligini taʼkidladi.
Eʼtiborlisi, “Kultak” konidagi qidiruv ishlari bitta quduq bilan cheklanmaydi. Ayni paytda navbatdagi 40R-qidiruv qudugʻida burgʻilash ishlari olib borilmoqda, 41R-qudugʻida ham burgʻilash boshlangan. Yil yakuniga qadar 42R-qidiruv qudugʻini ham burgʻilashga kiritish rejalashtirilgan.