Xitoydan burgʻilash uskunalarini yetkazib berish jadallashtiriladi
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari Xitoyning “SINTIK” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Unda tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini oshirish va istiqbolli yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda burgʻilash uskunalarini yetkazib berish jarayoniga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur yoʻnalishda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, shuningdek, oʻzaro kelishuvlar ijrosini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilishda ilgʻor xorijiy texnologiyalar va zamonaviy texnologik yechimlardan foydalanish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Bu borada Xitoy tajribasini oʻrganish va uning samarali yechimlarini amaliyotga tatbiq etish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, energetika va neft-gaz sohasidagi qator istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashib, hamkorlikni oʻzaro manfaatli asosda yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida mavjud kelishuvlar ijrosini taʼminlash, loyihalarni samarali amalga oshirish va hamkorlikda amaliy natijalarga erishish muhimligi qayd etildi.