July 31

Shoʻrtanda yarim yillik natijalar tanqidiy tahlil qilindi: ikkinchi yarim yillik uchun ustuvor vazifalar belgilandi

Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi oʻrinbosari A.Xudoyberganov rahbarligida 2026-yilning yanvar–iyun oylaridagi ishlab chiqarish faoliyati yakunlariga bagʻishlangan tanqidiy-tahliliy yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda boshqarma rahbariyati, tarkibiy boʻlinmalar boshliqlari, mutaxassislar hamda masʼul xodimlar ishtirok etdi. Hisobot davridagi ishlab chiqarish natijalari atroflicha tahlil qilinib, erishilgan koʻrsatkichlar, mavjud muammo va kamchiliklar hamda ikkinchi yarim yillikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, joriy yil birinchi yarim yilligida tabiiy gaz qazib chiqarish rejasi 100,4 foizga bajarilgan boʻlsada, asosiy konlarda zaxiralarning tabiiy kamayishi va ayrim quduqlar debitining pasayishi natijasida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan kamayganini koʻrsatmoqda.

Yigʻilishda mazkur holatga taʼsir etuvchi omillar tanqidiy tahlil qilinib, texnologik obyektlarning uzluksiz va ishonchli ishlashini taʼminlash, quduqlarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlarini jadallashtirish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish hamda yangi istiqbolli maydonlarni oʻzlashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.

Shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, energiya resurslarini tejash, mahsulot tannarxini kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va ijro intizomini yanada mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muhokamada joriy yilning ikkinchi yarimi uchun tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini barqarorlashtirish, investitsiya loyihalarini belgilangan muddatlarda amalga oshirish, yangi quduqlarni burgʻilab foydalanishga topshirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Yigʻilish yakunida masʼul rahbar va mutaxassislarga aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, berilgan topshiriqlar ijrosini qatʼiy taʼminlash hamda yil yakuniga qadar barcha ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini toʻliq bajarish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

“Shoʻrtan NGQCHB” Matbuot xizmati