“O‘zbekneftgaz” yoshlari energetika sohasidagi "Business Quiz" g‘olibiga aylandi
"O‘zbekiston neft va gazi — OGU 2026" ko‘rgazmasi doirasida energetika sohasi yoshlari va mutaxassislarini birlashtirgan Business Quiz intellektual turniri bo‘lib o‘tdi. Tadbir Uzbekneftegaz hamda Yoshlar yetakchilari kengashi hamkorligida tashkil etilib, professional bilim, mantiqiy fikrlash va jamoaviy hamkorlikni uyg‘unlashtirgan o‘ziga xos maydonga aylandi.
Intellektual musobaqada energetika va neft-gaz sohasiga oid vazirliklar, tarmoq korxonalari, xalqaro hamda servis kompaniyalari vakillaridan iborat 20 ta jamoa ishtirok etdi. Turnir davomida qatnashchilar nafaqat sohaviy bilimlari, balki tezkor fikrlash, tahliliy yondashuv va jamoada samarali ishlash ko‘nikmalarini ham namoyon etdilar.
Business Quiz dasturi energetika, neft-gaz sanoati, innovatsiyalar, xalqaro hamkorlik, korporativ madaniyat va zamonaviy texnologiyalarga bag‘ishlangan turli intellektual bosqichlarni qamrab oldi. Savollar ishtirokchilardan nafaqat nazariy bilim, balki amaliy tajriba va keng dunyoqarashni ham talab qildi.
Tadbir davomida shakllangan do‘stona va sog‘lom raqobat muhiti yosh mutaxassislar o‘rtasida yangi aloqalar o‘rnatish, tajriba almashish va korporativ muloqotni mustahkamlash uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Yakunlarga ko‘ra, intellektual bellashuvda eng yuqori natija qayd etgan jamoalar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin — "O‘zbekneftgaz" AJ jamoasi.
2-o‘rin — "Uzgastrade" AJ jamoasi.
3-o‘rin — "O‘ztransgaz" AJ jamoasi.
"OGU 2026" doirasida tashkil etilgan mazkur intellektual turnir energetika sohasida bilim va professional salohiyat eng katta kuch ekanini yana bir bor namoyon qildi.