November 19

Jamiyat tarkibidagi yana bir zavod mudofaa va xavfsizlikka “Tayyor” deb baholandi

“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi Gazli gazni qayta ishlash zavodida obyekt xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli hamkorlikdagi ko‘rgazmali o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Tadbirda zavodning Fuqaro muhofazasi tuzilmalari bilan bir qatorda tegishli vazirlik va tashkilotlarning Buxoro viloyatidagi boshqarmalari hamda Ochiq neft va gaz favvoralarini bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi mas’ullari ishtirok etdi.

Mashg‘ulot doirasida o‘ta muhim va toifalangan obyektlardagi nazorat postlarida xizmat o‘tash tartibi, transport va fuqarolarni tekshirish jarayonini hujjatlashtirish ishlari tekshirildi.

Ishtirokchilar tomonidan noqonuniy obyekt hududiga shartli ravishda uchirilgan dron hujumini to‘xtatish, uni zararsizlantirish, garovga olingan xodimlarni ozod etish, qurilmadan sizib chiqqan gazni hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bartaraf etish tadbirlari namoyish etildi.

Kuzatuvchilar tahliliga ko‘ra, tezkor va muvofiqlashgan amaliy harakatlar yuqori baholanib, ob’yekt mudofaa va xavfsizlikka “TAYYOR” deb topildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati