Neftni qayta ishlashda yangi yechimlar: Xitoy tajribasi nimasi bilan muhim?
“Oʻzbekneftgaz” AJ, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va “UNG Overseas” vakillaridan iborat qoʻshma delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Chjanszyan shahrida joylashgan neftni qayta ishlash zavodida amaliy oʻrganish ishlarini olib bordi.
Asosiy maqsad neftni qayta ishlash sohasida qoʻllanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, ilgʻor muhandislik yechimlari va ishlab chiqarish jarayonlarini samarali tashkil etish tajribasini oʻrganishdan iborat boʻldi.
Delegatsiya aʼzolari zavodning texnologik jarayonlari, uskunalardan foydalanish amaliyoti, ishlab chiqarish quvvatlarini boshqarish hamda mahsulot sifatini taʼminlashga qaratilgan yondashuvlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, resurslardan oqilona foydalanish, energiya samaradorligini oshirish va texnologik jarayonlarni barqaror yuritish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ikki davlat mutaxassislari neftni qayta ishlash korxonalarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va ilgʻor texnologik yechimlarni amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Muloqotlarda korxonalar faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga xizmat qiluvchi tajribalar muhokama qilindi.
Oʻrganilgan tajriba Buxoro neftni qayta ishlash zavodining texnologik imkoniyatlarini rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlarini yanada takomillashtirish va yuqori sifatli neft mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan istiqbolli tashabbuslarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.