July 19

Qonunchilikdagi yangiliklarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi

Ruscha

Ma’lumki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. 2024 yil 5 iyunda Prezidentimiz tomonidan “Manfaatlar to‘qnashuvi” to‘g‘risidagi Qonunning imzolanishi ham bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va “O‘zbekneftgaz” AJ hamkorligida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent shahridagi filialida ushbu qonunning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Unda "O‘zbekneftgaz" AJda faoliyat yuritayotgan xodimlar, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, korrupsiyaga qarshi reytingda ilg‘or natijalarga erishgan korxona va tashkilot masu’llari ishtirok etdi.

Manfaatlar to‘qnashuvi - bu shaxsning shaxsiy manfaatlari uning kasbiy mas’uliyati va qarorlariga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan vaziyat. Yangi qabul qilingan qonun bunday vaziyatlarni minimallashtirish va boshqarishga qaratilgan qoidalar va tartiblarni belgilaydi.

Shu sabab ishtirokchilarga “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun, uning tamoyillari va qo‘llanilishining amaliy jihatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, javobgarlik turlari va jazo choralari haqidagi xabardorligi oshirildi.

Bunday seminarlarni tashkil etilishi korporativ madaniyatni yaxshilash, risklarni kamaytirish, boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Seminar davomida davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etishning ahamiyati, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar, yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartiblari bo‘yicha ma’ruzalar ham tinglandi.

Shuningdek tadbirda Jamiyatning moliyaviy va komplayens nazorati bo‘yicha yarim yillik hisoboti tinglanib, hududiy korxonalarda nazoratni takomillashtirish bo‘yicha rejalar belgilab olindi.

Mavzuga oid fikr-mulohazalar almashilib, o‘zaro savol-javoblar o‘tkazildi va ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook