11 nafar iqtidorli talabaga “O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasi tayinlandi
Prezidentning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida Yangi O‘zbekistonni barpo etishda bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish belgilangan.
Shu munosabat bilan I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filialidagi iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish, ularni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilish hamda intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish maqsadida Filialning ilmiy kengashi tomonidan tavsiya etilgan 11 nafar talabaga “O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasi tayinlandi.
Bugun ushbu stipendiyaga loyiq topilgan talabalarga maxsus Sertifikatlar topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida, “O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasi O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHEKM)ning 1 barobarida belgilangan bo‘lib, o‘quv yilining sentyabr oyidan o‘quv yili yakuniga qadar har oyda to‘lab boriladi. 2020 yildan to 2023 yilga qadar jami 27 nafar talabaga stipendiya tayinlangan.