Kollejning 20 nafar tinglovchisi xalqaro neft va gaz kompaniyasiga ishga joylashtiriladi
Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash masalasi davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, ichki va tashqi mehnat bozorini rivojlantirish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Islohotlar aholi turmush darajasini yaxshilash, respublika iqtisodiy o‘sishi va ijtimoiy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
Neft va gaz sanoati keng qamrovli bo‘lgani bois ko‘plab odamlarni ish bilan ta’minlash imkoniga ega. Ammo, soha yuqori malakali ishchilar va bilimlarni doimiy ravishda yangilashni talab qiladi. Chunki neft va gazni qazib olish, uni qayta ishlash texnologiyalari hamda usullari muntazam takomillashib bormoqda.
Shu munosabat bilan “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi Buxoro neft va gaz sanoati kolleji hamda “Gazpromneft” AJning hamkor tashkiloti “FrakDjet-Volga” MCHJ o‘rtasida shartnoma imzolangan.
Shartnoma neft va gaz tarmog‘idagi kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, shuningdek, sohaga innovatsiyalarni joriy etishga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat mamlakat iqtisodiyoti, balki yoshlar o‘rtasidagi bandlikni ta’minlash va ularni professional rivojlanishi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Kollej va “FrakDjet-Volga” hamkorligida tashkil etilayotgan maxsus malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslariga shu paytga qadar 20 nafar O‘zbekiston fuqarosi jalb etildi.
“Burg‘ilovchi yordamchisi” va “Yuk ildiruvchi” kasblari bo‘yicha malaka oshirgan bitiruvchilar “Gazpromneft” kompaniyasiga o‘rnatilgan tartibda ishga joylashtirilishi rejalashtirilgan.