March 15, 2023

“O‘zbekneftgaz”: Yanvar-fevral oylarida polietilen va sanoat xizmatlari eksportda asosiy ulushni tashkil qildi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tizimda olib borilayotgan islohotlar jamiyat tasaruffidagi boshqarmalar va zavodlarda ishlab chiqarilayotgan birlamchi hamda ikkilamchi mahsulotlarni nafaqat respublika ichida sotilishini, balki tashqi bozorga eksport qilinishining oshishiga ham olib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga asosan 2023 yil yanvar-fevral oylarida "O‘zbekneftgaz" AJ uchun belgilangan maqsadli eksport ko‘rsatkichlari prognozi 48,6 mln AQSH dollarini tashkil etib, amalda ushbu ko‘rsatkich 57,0 mln AQSH dollariga yetkazildi va belgilangan reja 117,3 foizga bajarildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Tijorat departamentining ma’lumotiga ko‘ra, jamiyat eksporti tarkibida polietilen (53%) va sanoat xizmatlari (17%) asosiy ulushni tashkil qildi. Shuningdek 15,0 ming tonna miqdoridagi, “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilayotgan sintetik nafta mahsuloti eksportga yo‘naltirildi.

Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ mahsulotlari dunyoning 18 ta davlatiga eksport qilinmoqda. Jumladan Turkiya, Latviya, Afg‘oniston, BAA, Xitoy va Rossiya davlatlari “O‘zbekneftgaz” AJning asosiy eksport hamkorlari hisoblanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan yangi eksport bozorlarini o‘zlashtirishi hamda faol marketing siyosati davom ettiriladi. Amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi yakuni bilan 81,5 mln AQSH dollari miqdoridagi mahsulot va xizmatlar eksport qilinishi va eksport maqsadli ko‘rsatkichlari 108,0 foizga bajarilishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, “Uzbekistan GTL” zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan sintetik dizelni eksport qilish uchun eng yaxshi taklif bo‘yicha saralash tanlovi e’lon qilindi. Tanlovga ko‘ra, “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan 200,0 ming tonna sintetik dizel yonilg‘isini “FCA Free Carrier” (Incoterms 2020) shartlari asosida, har bir loti uchun 100,0 ming tonna miqdorda etib belgilangan. Takliflarni topshirish uchun oxirgi muddat – 2023 yil 25 mart kuni soat 15:00 (GMT +5).

Tanlov haqidagi batafsil ma’lumotlar bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin: https://www.uzgtl.com/competition.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|facebook|instagram|telegram|