Yetakchi xalqaro banklar vakillari bilan uchrashuvlar
"O‘zbekneftgaz" AJ delegatsiyasining Londonga tashrifi doirasida boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev boshchiligida "MUFG Bank", "Deutsche Bank", " J.P. Morgan", "Standard Chartered Bank" va "ICBC Standard Bank" moliya muassasalari rahbariyati bilan qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Muloqotlar kompaniyaning asosiy moliyaviy hamkorlari bilan navbatdagi fikr va maqsadlarni muvofiqlashtirib olish imkoniyatini berdi. "O‘zbekneftgaz"ni ushbu banklarning har biri bilan kreditlash va xalqaro kapital bozorlari sohasidagi ko‘p yillik, vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlik bog‘lab turadi.
Muzokaralar chog‘ida kompaniyaning so‘nggi korporativ yutuqlari, moliyaviy va ishlab chiqarish natijalari muhokama qilindi. 2026-yil birinchi yarim yilligi oxiridagi so‘nggi o‘n ikki oy yakunlariga ko‘ra tushum 10 foizga o‘sib, 3 mlrd dollarga yetdi, EBITDA ko‘rsatkichi esa 1,5 mlrd dollarni tashkil etdi.
Kompaniyaning qarz yuki sezilarli darajada kamaydi: sof qarz, EBITDA ko‘rsatkichi 3,1x dan 2,2x gacha pasaydi.
Qarz portfelini optimallashtirish bo‘yicha ishlar alohida muhokama qilindi. Kompaniya 385 mln dollarlik kreditlarni qayta moliyalashtirish va muddatidan oldin to‘lashni amalga oshirdi hamda yana 1,1 mlrd dollarni qayta moliyalashtirishni rejalashtirmoqda. Foiz stavkalarining pasayishi, foiz to‘lovlarining qisqarishi va qarz qiymatining arzonlashuvi hisobiga umumiy samara 83 mln dollarga baholanmoqda.
Shuningdek, banklarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari doirasida gaz qazib olishni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ham ma’lumot berildi. Yil boshidan buyon 5 ta yangi kon ochildi, zaxiralar o‘sishi yillik qazib olish hajmidan oshadi, kompaniyaning o‘z burg‘ilash korxonasi tashkil etildi. Yil oxirigacha 120 ta quduqni burg‘ilash yakunlanishi kutilmoqda — bu o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘p.
Moliyalashtirishni jalb qilish maqsadida banklarga 4 ta istiqbolli loyiha taqdim etildi: Buxoro neftni qayta ishlash zavodini Yevro-5 standartidagi yuqori oktanli benzin ishlab chiqarishga o‘tkazgan holda modernizatsiya qilish hamda GTL zavodi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha uchta loyiha. Ularning dastlabki qiymati qariyb 580 mln dollarni tashkil etadi, uning 85 foizigacha qismini kredit mablag‘lari hisobidan jalb qilish rejalashtirilgan.
Bank vakillari kompaniyada amalga oshirilayotgan islohotlar, transformatsiya jarayoni va boshqa chora-tadbirlarni yuqori baholab, ular xalqaro moliya hamjamiyatining "O‘zbekneftgaz"ga bo‘lgan ishonchini oshirayotganini ta’kidladi. Tomonlar hamkorlikni, jumladan, taqdim etilgan loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.