February 21

Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda

Ruscha

Prezidentimizning topshirig‘i bilan Buxoro davlat texnika universitetida tashkil etilayotgan ushbu maktabga “O‘zbekneftgaz” AJ sanoat hamkori sifatida biriktirilgan. Shu munosabat bilan ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Jamiyat rahbariyati hamda tizim korxonalarining mas’ul xodimlari universitetda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrif doirasida “Yo‘l xarita”ga binoan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalarga yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishtirildi.

Bundan tashqari, fundamental, amaliy va innovasion tadqiqotlar asosida taqdim etilgan 10 dan ortiq loyihaning har birini ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda joriy etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Tashrif doirasida maktabning kelgusidagi faoliyati va xalqaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati ham tashkil etildi. Unda xalqaro tajribalar asosida talabalarning fanlarni o‘zlashtirish darajasini baholash tizimini joriy etish, professor-o‘qituvchilar va doktorantlarni yetakchi xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirishga yuborish masalalari ham muhokama qilindi.

Fundamental, amaliy va innovasion loyihalarni sanoat bilan integratsiya qilish maqsadida innovasion loyihalarni tijoratlashtirish, o‘quv rejalarni takomillashtirish uchun ishlab chiqarish korxonalarining takliflari asosida mustaqil ta’lim va tanlov fanlarini joriy etish takliflari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari real muammolarga asoslangan bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini ishlab chiqarishda himoya qilish mexanizmini yo‘lga qo‘yish, bitiruv ishlarini ish beruvchi korxonalar bilan integratsiya qilish ham amalga oshiriladi.

Xalqaro hamkorlik doirasida Malayziyaning Petronas texnologiyalar universiteti (PTU) va Ozarbayjon Respublikasi davlat neft kompaniyasi - “SOCAR” qoshidagi Boku oliy neft maktabi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilmoqda. Uchrashuvda “1+1” shaklida qo‘shma ta’lim dasturini tashkil etish yuzasidan muhokamalar qilindi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook