April 12, 2023

18-20 may kunlari Toshkent shahrida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” 25- yubiley xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkaziladi

Ruscha

Joriy yilning 18-20 may kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” 25-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston Respublikasining uchinchi xalqaro energetika forumi o‘tkaziladi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston hukumati hamda Respublika Energetika vazirligi ko‘magida “O‘zbekneftgaz” AJ va “Iteca Exhibition” xalqaro kompaniyasi hamkorligida tashkil etilmoqda.

An’anaga ko‘ra, energetika ko‘rgazmasi tadbirlari ilg‘or texnologiya va uskunalar bilan tanishish, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, sohada mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida tajriba almashishga qaratilgan.

Tadbir doirasida xorijiy va mahalliy kompaniyalar vakillari ishtirokida turli mavzularda sessiyalar va muhokamalar o‘tkaziladi.

Ko‘rgazma stendlaridan mahalliylashtirish uchun taklif etilayotgan xorijiy mahsulotlarning namunalari, sanoat materiallari, xomashyo va xizmatlarga bo‘lgan talablar ham joy olgan.

“O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” 25-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston Respublikasining uchinchi xalqaro energetika forumi Sizga neft-gaz sohasidagi xalqaro tajribalarlar bilan o‘rtoqlashish, so‘ngi yangiliklardan xabardor bo‘lish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan barchani ushbu ko‘rgazmaga taklif etamiz. Ko‘rgazma haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlarni 71 205 18 18 telefon raqami orqali bilib olish mumkin. Ko‘rgazmada ishtirok etish uchun quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin: https://www.oilgas.uz/ru/visitors/online-registratsiya.php

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati