Birja savdolariga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmi to‘rt barobar oshirildi
Sovuq havo oqimi natijasida ayrim hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (gaz zapravkalar) faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar sabab benzinga bo‘lgan talab oshdi.
Shu munosabat bilan birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi vaqtinchalik to‘rt karra oshirildi.
2024 yil 12 dekabr kuni Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan 2618 ming tonna AI-80 rusumli avtobenzin ishlab chiqarildi. Joriy kuni 8000 tonna AI-80 avtobenzin birja savdolariga qo‘yilib, sotildi.
Iste’molchilar tomonidan xarid qilingan miqdorlarni neft bazalar tomonidan o‘z vaqtida yetkazib berish uchun Buxoro NQIZ tomonidan Ai-80 rusumli avtobenzinni uzluksiz yuklab berish nazoratga olingan.
Joriy oy davomida neft bazalarga jami 29695 tonna, jumladan 12 dekabr kuni 2350 tonna Ai-80 rusumli avtobenzin yuklab berildi.
2024 yil 12 dekabr kuni Jamiyat tasarrufdagi neft bazalari orqali iste’molchilarga jami 5324 tonna AI-80 avtobenzin tarqatildi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 246 tonna, Toshkent shahri va viloyatiga 1814 tonna, Andijonga 419 tonna, Buxoroga 295 tonna, Jizzaxga 156 tonna, Qashqadaryoga 442 tonna, Navoiyga 162 tonna, Namanganga 356 tonna, Samarqandga 546 tonna, Surxondaryoga 329 tonna, Sirdaryoga 127 tonna, Farg‘onaga 276 tonna va Xorazm viloyatiga 156 tonna.
13 dekabr holatiga jamiyat tasarrufidagi neft bazalar va neftni qayta ishlash zavodlarida 41,3 ming tonna avtobenzin qoldiqlari mavjud. Neftni qayta ishlash zavodlarida 58,1 ming tonna xom-ashyo zaxirasi yaratilgan.
Talab va taklifga qarab birja savdolariga joylashtirilayotgan avtobenzin hajmini yanada oshirish imkoniyati mavjudligi ma’lum qilinadi.