Neft va gaz ob’yektlarida ishchi-xodimlarga yaratilgan mehnat sharoiti o‘rganildi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tizimdagi barcha boshqarma va korxonalarning ishlab chiqarish ob’yektlaridagi sanoat va ekologiya xavfsizligi, sog‘liqni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi holati bo‘yicha monitoring nazorat tekshiruvi (4-bosqich) o‘tkazilmoqda.
Navbatdagi nazorat tadbirlarida Buxoro va Navoiy viloyatlarida joylashgan “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ, Gazli neft va gazni qazib chiqarish boshqarmasi, “Buxoro neft bazasi” MCHJ, “O‘zneftgazquduqta’mirlash” AJ, “Navoiy neft bazasi” MCHJ hamda ularga qarashli ob’yektlarda sanoat va ekologiya xavfsizligi, sog‘liqni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi holatlari o‘rganildi.
Tekshiruv davomida ishchi-xodimlar ish joylarida maxsus kiyim-bosh va poyabzallar, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanganligi, ulardan to‘g‘ri foydalanishi, ob’yektlarni sanitariya holati, xavfsizlik plakatlari va belgilari bilan ta’minlanganligi hamda xodimlarning xavfsizlik qoidalari va yo‘riqnomalarga rioya qilish holatlari o‘rganib chiqildi. Korxonalarda sanitar tozaligi ta’minlangan, qurigan o‘tlardan tozalangan, ishchi xodimlar maxsus kiyim bosh va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlangan.
Natijalarga asosan, mehnatni muxofaza qilish va xavfsizlik texnikasi yo‘nalishida 246 ta, gaz xavfsizligi yo‘nalishida 5 ta, yong‘in xavfsizligi yo‘nalishida 72 ta, elektr xavfsizligi yo‘nalishida 37 ta hamda xavfsizlik madaniyatini rivojlantirish va risk bilan ishlash yo‘nalishi bo‘yicha 33 ta kamchilik aniqlandi.
Ishchi-xodimlarga yaratilgan mehnat sharoitlari hamda sog‘liqni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi holati bo‘yicha bir qancha kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 21 nafar xodimga chora ko‘rildi, 11 nafar xodim esa rag‘batlantirildi.
Aniqlangan kamchilik va nomuvofiqliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar tuzildi. Ularning o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan boshqarma va korxonalar mas’ul xodimlariga topshiriqlar berildi.