Ayrim shaxslarga benzin sotib olishlari uchun to‘lanadigan kompensatsiya miqdori yana oshirildi
Qonunchilikka muvofiq, bir qator shaxslarga avtomobil benzini sotib olish xarajatlarining bir qismi oylik pul kompensatsiyasi sifatida to‘lanadi.
Hukumat huzuridagi Idoralararo tarif komissiyaning 2024 yil 15 maydagi qarori bilan ushbu turdagi kompensatsiyaning yangi miqdori belgilandi.
Unga ko‘ra, benzin uchun kompensatsiya miqdori 2024 yil II chorakdan boshlab 128 700 so‘mni tashkil qiladi.
Ma’lumot uchun qayd etish joizki, benzin uchun kompensatsiya miqdori 2023 yil II-choragida 55 foizga oshirilib 116 180 so‘mni tashkil qilgan edi, III-choragida esa ushbu miqdor 119 640 so‘mga, IV chorakdan boshlab 120 660 so‘mga, 2024 yil I-choragida 124 780 so‘mga oshirilgan.
Benzin uchun kompensatsiya to‘lovlari "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan moliyalashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar yashash joyi bo‘yicha pensiya va nafaqalar tayinlanadigan organlarga murojaat qiladi.