August 25, 2023

“Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi 16 ta shaharda bo‘lib o‘tadi

Ruscha

Joriy yilning 3 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.

Ushbu tadbir Toshkent, Nurafshon, Guliston, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qorovulbozor, Termiz, Qarshi, Gʻuzor, Xiva va Nukus shaharlarida tashkil etiladi.

Tadbirda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan va musobaqalarda faol ishtirok etib kelayotgan xorijlik fuqarolardan tashqari, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston sport klublari vakillari ham qatnashadi.

Yugurish masofalari poytaxtda 3 va 10 kilometr, qolgan shaharlarda esa 3 kilometrlik bitta masofa etib belgilandi.

“Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida o‘tkaziladigan “Yangi nafas” marafoni 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholini birlashtiradi.

“Yangi nafas” ijtimoiy loyihasi uch yildan buyon an’anaviy tarzda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi va “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Ushbu davr mobaynida “Yangi nafas” loyihasi “Save Aral”, “Men Gʻolib”, “Vatan Qalqoni” ommaviy yugurish musobaqalari bilan birga yosh avlodda ham, kattalarda ham yengil atletikaga qiziqishni yangi bosqichga ko‘tardi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube