London muloqotlari: “Oʻzbekneftgaz” xalqaro investorlarga yangi oʻsish surʼatlarini taqdim etdi
London jahon moliya bozorining eng yirik markazlaridan biri sifatida nafaqat kapital harakati, balki yirik kompaniyalarning ochiqligi va ishonchliligi baholanadigan muhim maydondir. “Oʻzbekneftgaz” AJ delegatsiyasi aynan shu yerda xalqaro investitsiya kompaniyalari va yevroobligatsiyalar egalari bilan navbatdagi uchrashuvlarni oʻtkazdi. J.P. Morgan va Deutsche Bank koʻmagida tashkil etilgan muloqotlarda Ashmore Group, UBS Asset Management, Vanguard, Fidelity International, PIMCO, T. Rowe Price va boshqa nufuzli moliyaviy institutlar vakillari ishtirok etdi.
Qayd etish joizki, Jamiyat tomonidan 2021-yil noyabr oyida London fond birjasida 700 mln AQSH dollari, 2025-yilda esa 850 mln AQSH dollari miqdorida yevroobligatsiyalar chiqargan va joylashtirgan.
Uchrashuvlarning asosiy maqsadi investorlarga kompaniyadagi oʻzgarishlarni bevosita va aniq raqamlar asosida yetkazishdan iborat boʻldi. Delegatsiya soʻnggi korporativ yutuqlar, moliyaviy va ishlab chiqarish natijalari, transformatsiya jarayonlari, neft-gaz sohasidagi tendensiyalar hamda davlat tomonidan koʻrsatilayotgan qoʻllab-quvvatlash choralari haqida batafsil axborot berdi.
Istiqbolli loyihalar taqdimoti doirasida “GTL” zavodi toʻliq quvvatda faoliyat yuritayotgani, Ustyurtdagi loyihaga esa “British Petroleum” kompaniyasi qoʻshilgani alohida taʼkidlandi.
Muloqotlar davomida investorlarga hukumat tomonidan belgilangan asosiy vazifa — gaz qazib olishni barqarorlashtirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda joriy yilda qabul qilingan Prezident qarorlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlar haqida batafsil tushuncha berildi. Xususan, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, texnologik hamkorlarni jalb etish va kompaniyani bevosita moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan choralarning mazmun-mohiyati hamda tarmoq oldida turgan vazifalarni tizimli hal etishdagi ahamiyati tushuntirildi.
Investorlar kompaniyaning moliyaviy natijalaridagi ijobiy dinamikani yuqori baholadi. Xususan, 2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga koʻra tushumning 10 foizga oʻsib, 3 mlrd AQSH dollariga yetgani, EBITDA koʻrsatkichining 1,5 mlrd dollargacha koʻtarilgani hamda sof qarzning EBITDAga nisbati 3,1x barobardan 2,2x ga pasaygani moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va qarz yukini bosqichma-bosqich kamaytirish borasidagi samarali saʼy-harakatlar sifatida eʼtirof etildi.
Shuningdek, zaxiralar oʻsishi yillik qazib olish hajmidan yuqori boʻlgan 5 ta yangi konning ochilishi, kompaniyaning oʻz burgʻulash korxonasi tashkil etilgani va burgʻulash koʻlamining oshirilgani ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlovchi muhim natijalar sifatida qayd etildi.
Londondagi uchrashuvlar kompaniya uchun xalqaro investorlar bilan ochiq muloqotni davom ettirish, amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini koʻrsatish va kelgusi rejalarga nisbatan ishonchni mustahkamlash imkonini berdi.