December 24

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi aviayonilg‘isi xalqaro auditdan muvaffaqiyatli o‘tdi

Ruscha

Joriy yil dekabr oyida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi aviatsiya, kosmik va mudofaa sohalarida faoliyat yurituvchi tashkilotlar uchun mo‘ljallangan “AS 9100D” xalqaro standarti bo‘yicha ikkinchi nazorat auditi tashkil etildi va o‘tkazildi.

Auditning asosiy maqsadi zavod boshqaruv tizimining “Jet A-1” avia yonilg‘isi va “Jet” yarim sintetik aviatsiya yoqilg‘isini ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha “AS 9100D” xalqaro standarti talablariga muvofiqligini baholashdan iborat bo‘ldi.

Audit Det Norske Veritas (DNV) xalqaro tashkiloti tomonidan “Management Certification” MCHJ kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Faoliyatni baholash uchun Italiyadan kelgan xalqaro auditorlar tomonidan “Jet A-1” avia yonilg‘isi va “Jet” yarim sintetik aviayonilg‘isini ishlab chiqarish texnologiyasi bilan bog‘liq masalalar o‘rganildi, jarayonga oid barcha hujjatlashtirilgan ma’lumotlar tahlil qilindi va ish joyida mutaxassislar bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, DNV auditorlari korxonada kadrlarni tayyorlash va o‘qitish, infratuzilmani rivojlantirish, texnologik jarayonlarni doimiy ravishda takomillashtirish bilan bog‘liq boshqaruv tizimida o‘tgan yilga nisbatan bir qator yaxshilanishlarni qayd etdi.

Xalqaro auditorlarning ijobiy xulosasi asosida “AS 9100D” xalqaro standartiga muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddatini yana bir yilga uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ma’lumot uchun: 2022 yil dekabr oyida zavod birinchi marta xalqaro “AS 9100D” (ANAB akkreditatsiyasi) bo‘yicha “Jet A-1” rusumli aviayonilg‘i va “Jet” yarim sintetik aviatsiya yonilg‘isini ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha “Sifat belgisi" sertifikatiga ega bo‘lgan edi.

2023 yil yanvar oyida zavod Xalqaro aerokosmik sifat guruhiga (IAQ) a’zo bo‘ldi va xalqaro “OASIS” ma’lumotlar bazasiga “Jet A-1” rusumli aviatsiya yonilg‘isi va “Jet” yarim sintetik aviatsiya yonilg‘isining rasmiy yetkazib beruvchisi sifatida kiritildi.

“AS 9100D” standarti bo‘yicha muntazam xalqaro auditlarni o‘tkazish zavodga nafaqat yuqori sifatli aviatsiya yonilg‘isi yetkazib beruvchi sifatida bozorda yetakchi o‘rinni saqlash, balki jahon xalqaro kompaniyalari uchun ishonchli hamkor bo‘lish imkonini beradi.

“Buxoro NQIZ” MCHJ matbuot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook