“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da erishgan natijalar
“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da “O‘zbekneftgaz” AJ yoshlar bilan ishlashga katta ahamiyat qaratdi. Tizimda yoshlar bilan samarali faoliyat olib borish, ularning ishlab chiqarish jarayonlaridagi o‘rnini kuchaytirish va yoshlar siyosatini amalga oshirish maqsadida bir qator muhim tadbirlar amalga oshirildi.
Ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida 2024 yilda Jamiyat Yoshlar yetakchilar kengashi tomonidan "Yoshlar balansi" va "Yoshlar ombori" shakllantirildi. "Yoshlar balansi"da Jamiyatda faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar haqidagi ma’lumotlar jamlandi. Bu ma’lumotlar so‘rov va suhbatlar asosida to‘plangan bo‘lib, ularning qiziqishlari, muammolari, talab va takliflarini o‘z ichiga olgan.
Balansga asoslanib, “Yoshlar ombor kitobi-2024” ham ishlab chiqildi. Unga muvofiq, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan yil davomida qator tadbirlar belgilab olindi.
O‘tgan yilda yoshlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ularni yangiliklardan xabardor etish, ijodiy va intellektual salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan 718 ta tadbir tashkil etildi. Ularga 82 foiz yosh xodimlar qamrab olindi.
Toshkent viloyatidagi 4-, 9 va 27-sonli maktab hududlarida “O‘zbekneftgaz yoshlar markazlari”ning tashkil etilishi Jamiyatga biriktirilgan ushbu hududdagi yoshlar bilan individual ishlash tizimini muvofiqlashtirishga yordam berdi. Bu markazlarga Jamiyatga biriktirilgan og‘ir toifadagi yoshlar va ularning oila a’zolari ishga qabul qilindi.
Markazlarda o‘quv binosi, Workout va sport maydonlari mavjud. Bino xonalari kompyuter savodxonligi, kitobxonlik madaniyati va futbol to‘garaklariga ixtisoslashgan. Yil davomida Toshkent tumanidagi “Fayzobod”, “E’zoz”, “Bunyodkor” va boshqa mahallalardagi og‘ir toifadagi yoshlar bilan ham aniq ish olib borildi. Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida ularga moliyaviy, psixologik, ijtimoiy va tibbiy ko‘maklar ko‘rsatildi. Shuningdek, 5 nafar og‘ir toifadagi yoshlarga o‘z tadbirkorliklarini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashildi.
Kelgusi yillarda ham yoshlar bilan ishlashning samarali usullari va strategiyalarini yanada rivojlantirish hamda tatbiq etish rejalashtirilgan.