July 6, 2023

“Total Energies” kompaniyasi bilan yashil energiya bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ va Fransiyaning “Total Energies” kompaniyasi vakillari ishtirokida muzokaralar o`tkazildi.

Muloqot chog‘ida xorijiy kompaniya vakillari O‘zbekistonda elektromobillarni zaryadlash shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

O‘z navbatida, xorijiy kompaniya vakillariga ayni paytda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yashil energiyaga bosqichma-bosqich o‘tish islohotlari, shuningdek, elektromobillarga bo‘lgan yuqori bozor talabini hisobga olgan holda zaryadlash shoxobchalarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumotlar berildi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, “Total Energies” so‘nggi yillarda ekologik toza energiya turlaridan foydalanishni faol rivojlantirayotgan dunyodagi eng yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Hozirda u dunyoning 130 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritmoqda. Uchrashuvda qayd etilishicha, kompaniya Markaziy Osiyo mintaqasidagi vakolatxonasini Toshkentda ochishni rejalashtirmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan bugungi kunda konlarda “Upstream” yo‘nalishida qazib chiqarishni rivojlantirish va “Uzbekistan GTL” zavodida uglevodorodlarni chuqur qayta ishlashda “Downstream” kabi yangi istiqbolli loyihalarni tadbiq etishga e’tibor qaratilmoqda.

Fransuz kompaniyasi “O‘zbekneftgaz” AJ bilan yashil energiya bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalar ustida ishlashni davom ettirish, shuningdek, o‘zaro anglashuv memorandumini (MOU) imzolash imkoniyatlarini yanada kengroq o‘rganib chiqishga kelishib olindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube