September 30

Mahalliy korxonalar bilan importni qisqartirishga erishilmoqda

Ruscha

Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliy korxonalar hamkorligida o‘zlashtirishni jadallashtirish maqsadida “NamMotors Servis” MCHJ hamda “Uz-DongJu Peint Ko” qo‘shma korxonasi vakillari Qashqadaryo viloyatida joylashgan "O‘zbekneftgaz" AJga qarashli barcha korxona va boshqarmalarda bo‘lishdi.

Uchrashuvlarda mahalliy korxonalar vakillari gaz qazib chiqarish hamda qayta ishlash jarayonlari bilan yaqindan tanishib, hamkorlikda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilishdi.

“NamMotors Servis” MCHJ tomonidan import o‘rnini bosuvchi 36 komplekt suv nasoslarini ishlab chiqarish, markazlashgan pult boshqaruvi tizimini joriy etish hamda eski nasoslarni zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirish taklif qilindi. Shu bilan birga, korxona elektr va shinali dvigatellarni ta’mirlash bo‘yicha ham o‘z xizmatlarini ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

“Uz-DongJu Peint Ko” qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan innovasion sanoat bo‘yoqlari va issiqlikka chidamli izolyasiya qoplamalari taqdimoti o‘tkazildi. Bu mahsulotlar neft va gaz sanoatida korroziyaga qarshi himoya va energiya samaradorligini oshirish maqsadida qo‘llaniladi. Muzokaralarda ushbu mahsulotlarni laboratoriya sinovlari va sanoat tajribalaridan o‘tkazish uchun ishchi guruhi tashkil etishga kelishib olindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ va mahalliy korxonalar o‘rtasidagi hamkorlik doirasida ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish hamda mamlakatda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni kengaytirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook