Mavsumga barcha tayyorgarlik choralari ko‘rildi
“O‘zbekneftgaz” AJga qarashli Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida ko‘rilgan chora-tadbirlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda asosiy muhandislik kommunikatsiyalari, texnologik asbob-uskunalarni barqaror ishlashga tayyorlash hamda uglevodorodlarni qazib chiqarish, dastlabki qayta ishlash qurilmalarida amalga oshirilgan rejali ta'mirlash ishlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlar berildi.
Qayd etish joizki, mavsumga tayyorgarlik bo‘yicha boshqarmadagi 1 ta qozonxona, 5 ta qozonxona, 1 ta transformator podstantsiyasi, 42 km gaz tarmog‘ida joriy ta'mirlash ishlari to‘liq tugatildi. 3 ta dizelь elektr stantsiyasi, 3 ta gaz taqsimlash punkti tekshirilib ishchi holatga tayyorlab qo‘yildi. 62 metr kabel estakadasi, 15 km suv, 63 metr issiqlik tarmog‘i ta'mirlanib, 75 metr qismi izolyatsiya qilindi.
Shuningdek, 8 ta uzluksiz elektr ta'minoti manbalari (UPS), 2 ta zahirani avtomatik ulash qurilmasi soz holga keltirildi. 8 ta ishlab chiqarish binosi, 17 ta texnologik qurilma ta'mirlandi. 8 ta gaz kondensat mahsulotini saqlashga mo‘ljallangan sig‘imda ta'mirlash ishlari tugatilib ishga tushirildi.
Belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida bugungi kunda boshqarma tomonidan kunlik 11 mln 650 ming kubometr tabiiy gaz, 250 tonna gaz kondensati qazib chiqarish va 250 tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishiga erishildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.