2023 yilning o‘tgan davri mobaynida neft mahsulotlari sifatini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan holatlar yuzasidan MA’LUMOT
Respublika bo‘yicha iste’molchilarga yetkazib berilayotgan avtobenzin sifati bo‘yicha e’tirozlar ko‘payganligi sababli, neft bazalar va AYOQSHlar orqali sotilayotgan avtobenzinning sifati bo‘yicha o‘rganishlar va tahlillar olib borilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida kelib tushgan murojaatlar asosida “O‘zenergoinspeksiya” xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarga asosan Kuchlik neft bazasi (73,2 tonna), Navoiy neft bazasi ( 38,7 tonna), Urganch neft bazasi (2,072 ming tonna) va Buxoro neft bazalari (1,86 ming tonna) MCHJlarda saqlanayotgan avtobenzin sifati O'z Dst 3031:2015 davlat standarti talablariga javob bermasligi, ya’ni avtobenzin tarkibidagi qatron (smola) va oltingugurt (sera) miqdori belgilangan me’yordan yuqori hamda bir holatda (“Navoiy neft bazasi” MCHJ) oktan soni me’yordan pastligi aniqlangan. Jami aniqlangan sifatsiz mahsulotlar miqdori 4,044 ming tonnani tashkil etgan.
Kuchlik (73,2 tonna) va Navoiy (38,7 tonna) neft bazalarida aniqlangan sifatsiz neft mahsulotlarining sifatlari “O‘zenergoinspeksiya”ning majburiy ko‘rsatmasiga asosan, O‘zbekiston neft va gaz ilmiy tadqiqot va loyihalash instituti, “O‘zneftmahsulot va “O‘zdavneftgazinspeksiya” tomonidan ishlab chiqilib 2012 yilning 1 oktyabr kunidan kuchga kirgan “Neft, gaz kondensati va neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, tashish, berish va hisobga olish bo‘yicha yo‘riqnoma” 30-sonli ilovasining 4-bandi “Nokondision mahsulotlarni aniqlash bilan bog‘liq asosiy chora-tadbirlar, mahsulotlar sifatini tiklash” asosida o‘rnatilgan tartibda tiklanib, kamchilik bartaraf etilib, iste’molchilarga sifatli tarzda yetkazib berilgan. Neft mahsulotlarining sifati bo‘yicha iste’molchilardan e’tirozlar bo‘lmagan.
“Urganch neft bazasi” MCHJ va uning Shovot hamda Xonqa filiallarida (2,072 ming tonna) aniqlangan sifatsiz avtobenzinning 587,0 tonnasini “O‘zenergoinspeksiya”ning majburiy ko‘rsatmasiga asosan, yuqorida keltirilgan yo‘riqnoma talablari asosida o‘rnatilgan tartibda sifati tiklanib, iste’molchilarga yetkazib berilgan. Ushbu mahsulot bo‘yicha ham iste’molchilardan e’tirozlar kelib tushmagan. Hozirgi kunda 1,485 ming tonna avtobenzinining sifatini tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
“Buxoro neft bazasi” MCHJ va uning Qorako‘l filialida (1,86 ming tonna) aniqlangan sifatsiz neft mahsulotlarining 323,0 tonnasini “O‘zenergoinspeksiya”ning majburiy ko‘rsatmasiga binoan, yuqorida keltirilgan yo‘riqnoma talablari asosida o‘rnatilgan tartibda sifati tiklanib, iste’molchilarga yetkazib berilgan.
Hozirgi kunda 1,537 ming tonna avtobenzinning sifatini tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
Neft mahsulotlari sifatining buzulishiga yo‘l qo‘ygan 4 nafar rahbar xodim va 4 nafar moddiy javobgar shaxslar faoliyatiga nisbatan huquqiy baho beriladi.
Neft mahsulotlarini sifat va miqdor jihatidan bus-butun saqlanishini ta’minlash yuzasidan barcha neft baza rahbarlari ogohlantirilgan va kelgusida neft mahsulotlarini sifat jihatidan to‘liq saqlash hamda iste’molchilarga sifatli tarzda yetkazib berilishini ta’minlash bo‘yicha neft bazalar tomonidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.