Joriy yilda "Zevarda", "Oʻrtabuloq" va "Kultak" konlarida 7 ta kichik kompressor stansiyasi ishga tushiriladi
Ayni damda “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruhning Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi faoliyatini oʻrganish ishlari "Zevarda" majmuasida davom ettirmoqda.
Ushbu majmuaning tabiiy gaz qazib chiqarish boʻyicha koʻrsatkichlari, siquv kompressor stansiyalarining ish faoliyati hamda gazni kompleks tayyorlash jarayonlari bilan tanishildi. Uglevodorod zaxiralarini oʻzlashtirishga qaratilgan yangi loyihalar taqdimoti koʻrib chiqildi.
Jumladan, siquv kompressor stansiyalaridagi gaz haydash agregatlarining ishchi holati tahlil qilinib, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan maʼlumotlar tinglandi.
Shuningdek, 2026-yilda "Zevarda", "Oʻrtabuloq" va "Kultak" konlarida ishga tushirilishi rejalashtirilgan 7 ta kichik kompressor stansiyalari loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.
Oʻrganishlar yakunida Boshqaruv raisi tomonidan mas'ullarga kichik kompressor qurilmalarini xarid qilish jarayonlarini tezlashtirish, ishchi loyihalarni qisqa muddatlarda ishlab chiqish va tashqi elektr taʼminoti infratuzilmasini barpo etish ishlarini jadallashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Ishchi guruhning oʻrganishlari davom etmoqda.