Tizim tashkilotlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Futbol-2023” musobaqasi o‘z yakuniga yetdi
Avval xabar berilganidek, “O‘zbekneftgaz” AJ tizim tashkilotlari xodimlari o‘rtasida Birlashgan kasaba uyushmasi, HR-departamenti hamda Jamiyatning Yoshlar ittifoqi tomonidan ommaviy sportni keng targ‘ib qilish maqsadida futbol, shaxmat, o‘q otish, suzish va yengil atletika sport turlari bo‘yicha turli musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda.
Jamiyat xodimlarini sog‘lom turmush tarziga jalb etish, hududiy bo‘linmalar xodimlari o‘rtasida do‘stona aloqalar o‘rnatish va futbolni rivojlantirish maqsadida, joriy yilning aprel oyida “O‘zbekneftgaz” AJ futbol-2023 chempionati” tashkil qilingan edi.
Joriy yilning 20 avgust kuni mazkur musobaqa doirasida uchinchi o‘rin va final o‘yinlari o‘tkazildi.
Yarim finalda raqiblariga imkoniyatni boy bergan “Andijon neft bazasi” MCHJ va “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” jamoalari 3-o‘rin uchun kechgan uchrashuvda ro‘baro kelishdi va o‘yinda 6:0 hisobi bilan “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” g‘alaba qozondi.
Yarim final uchrashuvlarida raqiblarini mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘lgan «Buxoro neftni qayta ishlash zavodi» MCHJ va «Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi» jamoalari finalda bahs olib borishdi.
Har ikki taymda ham g‘oliblik uchun bahs juda qiziqarli bo‘lib, o‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi. Asosiy daqiqalar 1:1 hisobida yakunlanib, g‘oliblik uchun kurash penaltilar seriyasida davom ettirildi. Penaltilar seriyasida “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ jamoasi 4:2 hisobida g‘alaba qozonib, “Futbol-2023” chempionati kubogi sohibiga aylandi.
Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati ishtirok etib, faol ishtirokchilar hamda g‘olib jamoalarni taqdirlashdi.
Dastlab, chempionatning “Eng yaxshi himoyachi”, “Eng yaxshi hujumchisi”, “Eng yaxshi darvozaboni” va “Eng yaxshi o‘yinchisi” nominatsiyasi g‘oliblari taqdirlandilar.
Taqdirlash marosimi so‘ngida “O‘zbekneftgaz AJ futbol-2023” chempionati g‘olibi – “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ xodimlaridan tashkil topgan jamoa a’zolari tantanali ravishda kubokni qabul qilib oldilar.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur musobaqada “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ ikkinchi marotaba g‘oliblikni qo‘lga qiritishdi.