Raqamlashtirish bo‘yicha xalqaro kongress
“O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi Rossiyaning neft va gaz sanoatini raqamlashtirish bo‘yicha – Neft 4.0 xalqaro kongressda ishtirok etdi.
Ushbu tadbir raqamli transformatsiya sharoitida sanoatni rivojlantirishning dolzarb muammolari va istiqbollarini muhokama qilish uchun Rossiya va boshqa mamlakatlarning yetakchi neft-gaz va IT-kompaniyalari top-menejerlari va mutaxassislarini bir yerga jamladi.
Kongressda yirik neft-gaz va IT-kompaniyalari, shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari va texnologik yechimlarni ishlab chiquvchilar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari sohani raqamlashtirishning asosiy yo‘nalishlari – boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, “aqlli konlar” konsepsiyasini joriy etish, neft va gaz sanoati uchun mahalliy dasturiy ta’minot va uskunalarni ishlab chiqish, shuningdek, jarayonlarning samaradorligi va xavfsizligini oshirish kabi mavzulardagi yalpi majlislar, davra suhbatlari va mahorat saboqlarida qatnashdilar.
Kompaniyalar faoliyatiga innovatsion texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish imkoniyatlari va istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Bu kabi tadbirlar “O‘zbekneftgaz” AJga raqamlashtirish sohasida erishilgan yutuqlarni namoyish etish bilan birga professional aloqalar tarmog‘ini kengaytirish, xalqaro mutaxassislar hamjamiyati bilan bilim va ilg‘or tajriba almashish imkonini beradi.