December 12

Avtomatlashtirilgan boshqaruv orqali korrupsion xavflar kamaymoqda

“Ochiq eshiklar kuni” doirasida OAV vakillari uchun Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida press-tur tashkil etildi.

Tashrif davomida ishtirokchilarga ishlab chiqarish jarayonlarining avtomatlashtirilishi, inson omili kamaytirilishi va bu orqali korrupsiyaviy xavflarning oldini olish mexanizmlari amaliy misollar orqali namoyish etildi.

Majmuada so‘nggi yillarda asosiy texnologik jarayonlar 100% avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi (DCS) orqali boshqarilmoqda, har bir operatsiya bo‘yicha qarorlar inson omilisiz, raqamli monitoring orqali qabul qilinadi.

Xodimlarning aralashuvi minimal darajaga tushirilgani tufayli manfaatlar to‘qnashuvi va norasmiy ta’sir imkoniyatlari bartaraf etilgan. Хaridlar, tovar aylanmasi, laborator tahlillar va texnologik parametrlar real vaqt rejimida raqamli qayd etiladi va o‘zgartirilmaydigan loglarda saqlanadi.

Jurnalistlarga majmuaning boshqaruv markazi, raqamli monitoring xonalari, texnologik nazorat punkti va ishlab chiqarish liniyalarida joriy qilingan zamonaviy texnik echimlar ko‘rsatildi.

Mutaxassislar bu o‘zgarishlar natijasida korrupsion omillarni bartaraf etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda xavfsizlikni ta’minlashda sezilarli ijobiy natijalar qayd etilayotganini ma’lum qildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati