September 12, 2023

GTL zavodida ishlab chiqarilgan sintetik dizelning Gruziya orqali Yevropaga eksporti yo‘lga qo‘yildi

Ruscha

Xabaringiz bor, Qashqadaryoda bo‘lib o‘tgan press turda “Uzbekistan GTL” zavodi tomonidan ishlab chiqarilayotgan “premium” toifada tasniflanuvchi sintetik dizel mahsulotini Yevropa va boshqa chet el davlatlariga eksport qilish jarayonlari boshlanishi haqida ma’lumot berilgan edi.

Yaqinda o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra, imzolangan eksport shartnomasi shartlariga muvofiq, joriy yilning sentyabr oyidan boshlab yil yakuniga qadar 100 ming tonna sintetik dizel yoqilg‘isini Yevropa va boshqa chet el davlatlariga yetkazib berilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan, joriy yilning 11 sentyabr kuni “Uzbekistan GTL” zavodidan sintetik dizelning birinchi partiyasi yuklanib, Gruziya orqali Yevropaga eksportga jo‘natildi.

E’tiborlisi shundaki, eksport qilinayotgan sintetik dizel narxi ichki bozorga birja savdo platformalari orqali yetkazib berilayotgan narxga nisbatan yuqori va raqobatbardosh narxlarda sotuvlari amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, “Uzbekistan GTL” zavodida 2023 yilda “Yevro-6” toifasidagi 1 million tonnadan ortiq ekologik toza, yuqori sifatli va milliy va xalqaro standartlarga to‘laqonli javob beradigan sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Zavodning ishlab chiqarish quvvati ichki bozorning yuqori sifatli dizel yoqilg‘isiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish imkoniga ega. “Uzbekistan GTL” mahsulotlari har kuni ichki bozor uchun “O‘zRTXB” AJning savdo maydonchalariga uzluksiz tarzda joylashtirilib kelinmoqda.

GTL dizelini eksportga yetkazib berish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube