September 19, 2023

“Zarubejneft” delegatsiyasi ob’yektlarda joriy qilingan innovatsiyalar bilan tanishdi

Ruscha

“Zarubejneft” kompaniyasi delegatsiyasi “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi innovatsiyalar joriy qilingan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari va qayta ishlash korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Qayd etish joizki, ushbu kompaniya Rossiya va xorijdagi neft va gaz konlarini o‘zlashtirish, uglevodorod resurslarini samarali va kompleks ishlab chiqarishni ta’minlashga ixtisoslashgan.

Xorijiy neft kompaniyasi mutaxassislaridan iborat delegatsiya tarkibidan Rossiya ilmiy tekshirish institutlari va oliy ta’lim yurtlari professor o‘qituvchilarining ham o‘rin olgani kelgusida ilmiy-innovatsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mutaxassislar yangi uslubda burg‘ilanayotgan “Sho‘rtan” koniga qarashli 329-sonli quduq, “Ye-kon” loyihasi asosida raqamlashtirilgan 20-sonli gaz yig‘ish punkti faoliyati bilan tanishdi.

Shuningdek, xorijiy mutaxassislarga Buxoro neftni qayta ishlash zavodining zamonaviy qurilmalari, bir vaqtning o‘zida bir nechta texnologik jarayonlarni amalga oshirish imkonini beruvchi markaziy boshqaruv pulti namoyish etildi.

Tashrif chog‘ida mehmonlar mahsulotlarni dastlabki ishlab chiqarishdan tortib yakuniy bosqichigacha bo‘lgan jarayonlar, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.

Joylarda o‘tkazilgan uchrashuvlarda tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar haqida ma’lumotlar berildi. “Zarubejneft” kompaniyasi tomonidan innovatsiyalarni sohaga tadbiq etish borasida erishilgan natijalar bilan ham o‘rtoqlashildi.

“O‘zbekneftgaz” Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube