“NEFTGAZMONTAJ” korxonasi ishchi-xodimlari bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi
“Oʻzbekneftgaz” AJ ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyatida joylashgan qator korxona va tashkilotlarda amalga oshirilgan oʻrganishlar doirasida “NEFTGAZMONTAJ” MCHJ obyektlari tahliliy-tanqidiy koʻrib chiqildi.
Oʻrganishlar davomida korxonaning moliyaviy holati bilan bogʻliq ayrim muammolar ham aniqlandi. Xususan, ishchi-xodimlarga oylik ish haqi toʻlovlarida uzilishlar mavjudligi, shuningdek, ayrim ish joylari va yashash sharoitlari belgilangan talablarga toʻliq javob bermayotgani qayd etildi.
Ishchi guruh ishtirokida ish joylari, mehnat sharoitlari, yotoqxonalar holati, sanitariya qoidalariga rioya etilishi va ovqatlanish maskanlari faoliyati batafsil tahlil qilindi.
Aniqlangan muammolarning dolzarbligi inobatga olingan holda, ularni bartaraf etish, ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish hamda korxona faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Maʼlumot uchun, ushbu korxona 2004-yilda tashkil etilgan boʻlib, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ixtisoslashgan. 2019-yil korxona ustav kapitalidagi davlat ulushi xususiylashtirish jarayonlari doirasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ixtiyoriga oʻtkazilgan edi.
Bugungi kunda “Oʻzbekneftgaz” AJda qazib chiqarish bilan bogʻliq ishlar koʻlamining sezilarli darajada kengayishi, ayniqsa quduqlar qurish, burgʻilash va quduq usti infratuzilmasini barpo etishga boʻlgan ehtiyojning ortishi mazkur korxonaning ishlab chiqarish salohiyatidan yanada samarali foydalanishni taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan “NEFTGAZMONTAJ” MCHJ "Oʻzbekneftgaz" AJ tarkibida faoliyatini boshladi. Ishchilar sonini ikki barobarga oshirish va ish hajmini oʻn barobarga koʻpaytirish rejalashtirilmoqda.