April 16

“O‘zbekneftgaz” AJ xalqaro anjumanda o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi

Ruscha

Toshkent shahrida “O‘zbekiston energetika bozori”ga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Buyuk Britaniyaning “Confidence Information Services” kompaniyasi tashabbusi bilan “O‘zbekneftgaz” AJ ko‘magida tashkil etildi. Unda mahalliy va xalqaro energetika sohasi vakillari, ekspertlar, yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Anjumanning asosiy maqsadlaridan biri – mamlakatimiz energetika bozoridagi tendensiyalarni tahlil qilish, sohadagi mavjud muammolarni muhokama etish hamda kelgusidagi rivojlanish istiqbollarini belgilab olishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ asosiy ishtirokchilardan biri sifatida sohaga oid qator muhim ma’ruzalar bilan qatnashdi. Jumladan, mahalliylashtirish va import o‘rnini bosish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikka bag‘ishlangan ma’ruzalarda kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan lokalizatsiya ishlari, texnologik jihoz va butlovchi qismlar importiga qaramlikni kamaytirishga qaratilgan tashabbuslar hamda ishlab chiqaruvchilar bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik mexanizmlari taqdim etildi.

Shuningdek, Kompaniyaning O‘zbekiston neft mahsulotlari bozoridagi o‘rni va ahamiyati mavzusidagi ma’ruza ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda kompaniyaning ishlab chiqarish imkoniyatlari, modernizatsiya ishlari, logistika tizimi va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha strategiyasi muhokama qilindi.

Anjuman doirasida ishtirokchilarga Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqariladigan mazutni chuqur qayta ishlash imkoniyatlari ham taqdim etildi. Shuningdek, “Astara Trans Service”, “Altyn Trans”, “Oiltech Service”, “G MAX Energy Consulting” kabi kompaniyalar rahbarlari energetika sohasidagi islohotlar, yangi investitsiya loyihalari va O‘zbekistondagi biznes muhiti haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Shuningdek, mamlakat energetika tarmog‘ini yanada samarali va barqaror qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati