October 8

Qoʻngʻirot va Moʻynoq aholisi uchun bir necha yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratiladi

“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruhning Qoraqalpogʻistonga navbatdagi tashrifi davom etmoqda.

Maʼlumki, joriy yil boshida Jamiyat tizimida geologiya-qidiruv va burgʻilash ishlarini kengaytirish, yangi quduqlarni oʻz vaqtida ishga tushirish hamda uglevodorod qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar boshlangan edi. Ishchi guruhning Ustyurt hududidagi navbatdagi oʻrganishlari ham ushbu islohotlarning joylardagi amaliy ijrosini, barpo etilayotgan infratuzilmaning ishlab chiqarish ehtiyojlariga muvofiqligini va har bir obyektning samaradorlikka qoʻshadigan hissasini baholashga qaratilgan.

Tashrif doirasida ishchi guruh dastlab Jamiyat uchun barpo etilayotgan yangi moddiy-texnik resurslar ombori hamda “UNG Burgʻilash” MCHJ Ustyurt filiali bazasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Qoʻngʻirot tumanida qad rostlayotgan ushbu ikki obyekt kelgusida Jamiyatning Ustyurt hududidagi ishlab chiqarish faoliyati uchun muhim tayanch nuqtaga aylanadi. Xususan, markazlashtirilgan ombor kengayib borayotgan burgʻilash maydonlarini zarur texnika, uskuna va quvurlar bilan uzluksiz taʼminlash, logistika jarayonlarini tizimlashtirish hamda taʼminotdagi ehtimoliy uzilishlarning oldini olish imkonini beradi.

Ombor qurilish jarayonini koʻzdan kechirgan Boshqaruv raisi ishlarni jadallashtirish va xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berdi. Jumladan, qurilish materiallarini mahalliy tadbirkorlardan xarid qilish orqali sarf-xarajatlarni kamaytirish, shu bilan birga, hududdagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Taʼkidlash joizki, joriy yil sentyabr oyi boshida Boshqaruv raisi “UNG Burgʻilash” MCHJ Ustyurt filiali bazasi qurilishiga oid dastlabki smeta hujjatlari bilan tanishib, loyihani ishlab chiqarish ehtiyojlari va iqtisodiy samaradorlik nuqtayi nazaridan qayta koʻrib chiqish boʻyicha qator takliflar bildirgan edi. Xususan, ishlab chiqarish jarayoniga bevosita xizmat qiladigan binolarni saqlab qolish, kam foydalaniladigan va ortiqcha xarajat talab etadigan inshootlarni loyihadan chiqarish vazifasi qoʻyilgandi.

Mazkur topshiriqlar asosida smeta qayta ishlanib, qurilishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar va binolar soni maqbullashtirildi. Navbatdagi oʻrganishlar davomida yangilangan loyiha-smeta hujjatlari ishchi guruhga taqdim etildi va maʼqullandi.

Keyingi bosqichda tasdiqlangan yakuniy loyiha asosida tender savdolari eʼlon qilinib, qurilish ishlariga kirishiladi.

Shuningdek, masʼullarga yogʻingarchilik mavsumi boshlanguniga qadar zarur qurilish materiallarini zaxiralash, ishlarni belgilangan muddatda va sifatli yakunlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Ushbu obyektlar foydalanishga topshirilgach, Qoʻngʻirot va Moʻynoq tumanlarida bir necha yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratilib, mahalliy aholi bandligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshilishi kutilmoqda.

Ayni paytda ishchi guruhning Ustyurt hududidagi oʻrganishlari konlar va ishlab chiqarish obyektlarida davom etmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati