Kanada neft va gaz sanoatidagi ilg‘or texnologiyalar o‘rganilmoqda
Kanadaning “Condor Energies Inc.” kompaniyasi taklifiga asosan, “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari Shimoliy Amerikada neft va gaz sanoatida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish maqsadida Kalgari shahrida xizmat safarida bo‘lishdi.
Mutaxassislardan iborat ishchi guruh “Condor Energies Inc.” kompaniyasining bosh ofisida bo‘lib, kompaniyaning strategik rivojlanish yo‘nalishlari, loyihalarni boshqarishdagi yondashuvlari hamda O‘zbekiston hududida amalga oshirilayotgan va kelgusida joriy etilishi rejalashtirilgan texnologik yechimlar bilan tanishishdi.
Safar davomida Shimoliy Amerikadagi eng yirik tadbirlardan biri — “Global Energy Show” xalqaro energetika ko‘rgazmasida ishtirok etildi. Forum doirasida energiya resurslarini qazib olish, qayta ishlash va transformatsiya qilish sohalaridagi innovasion ishlanmalar namoyish etildi.
Ko‘rgazma xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va sohadagi so‘nggi jahon yutuqlari bilan tanishish imkonini yaratdi.
Shuningdek, seysmik ma’lumotlarni talqin qilish va qayta ishlash sohasida yetakchi hisoblangan “Earth Signal Processing Ltd.” kompaniyasi faoliyati bilan tanishildi. Bu yerda geofizik ma’lumotlarni qayta ishlashning zamonaviy usullari hamda kompaniyaning prosessing markazining texnik imkoniyatlari namoyish etildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh Kanadaning quduqlarni burg‘ilash va texnik xizmat ko‘rsatish sohasidagi qator ilg‘or kompaniyalariga tashrif buyurdi.
Jumladan, “OptiMax Drilling Solution” ishlab chiqarish maydonchasida burg‘ilash jarayonlarini optimallashtirish va real vaqtda monitoring qilish tizimlari taqdim etildi. “Lee Energy Systems” kompaniyasida quduqlarni perforatsiya qilishda qo‘llaniladigan innovasion yechimlar hamda zamonaviy paker tizimlari namoyish qilindi. “Team Snubbing Service Inc.” kompaniyasi ob’yektida esa quduqlarni o‘chirmasdan kapital ta’mirlash imkonini beradigan ikkilamchi preventorga ega gidravlik ko‘targich texnologiyalari bilan tanishuv tashkil etildi. Bu texnologiyalar quduqlarning ta’mirlashdan so‘ng samarali ishga tushirilishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur xizmat safari Kanada bilan sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi. Safar doirasida olingan bilim va o‘rnatilgan ishbilarmonlik aloqalari kompaniya ob’yektlarida zamonaviy texnologik yechimlarni tadbiq etish, uglevodorod xomashyosini qazib chiqarish hajmini oshirish va sohadagi samaradorlikni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.