Kompaniyaning biznes jarayonlarini yanada takomillashtirish maqsadida “KPMG” bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda
“O‘zbekneftgaz” AJ va “KPMG” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda tomonlar mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, biznes jarayonlarni transformatsiya qilish, ilg‘or xalqaro amaliyotlarni joriy etish va global bozor talablariga javob beradigan strategik yechimlarni muhokama qildilar.
KPMG kompaniyasi xalqaro maydonda 150dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadigan global tarmoq bo‘lib, dunyo bo‘ylab yetakchi korporatsiyalarga auditorlik, soliq, yuridik va konsalting xizmatlarini taqdim etadi. KPMGning asosiy yo‘nalishlari moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash, xavfsizlik va oshkoralikni oshirish maqsadida audit o‘tkazishdan iborat.
Shuningdek, kompaniya ESG (ekologik, ijtimoiy va boshqaruv) qoidalariga rioya qilishni qo‘llab-quvvatlash, raqamli texnologiyalarni joriy qilish va korporativ boshqaruvning eng yaxshi amaliyotlarini ishlab chiqishda yetakchi o‘rin tutishini qayd etish joiz.
Uchrashuvda o‘tgan yillar davomida olingan tajribalar hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida fikr almashildi.
Tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning yanada kengayishi, jumladan, moliyaviy hisobotlarning shaffofligini oshirish, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, kredit reytinglarini yaxshilash va investision jozibadorlikni oshirish bo‘yicha yangi tashabbuslar muhokama qilindi.
Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston neft-gaz sanoatidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va mamlakatning energetika sektorini xalqaro miqyosda mustahkamlashga yo‘naltirilgan zamonaviy biznes yechimlarini joriy etishda muhim qadam bo‘ladi.