Har bir amaliy ko‘mak yoshlarni munosib hayotga chorlaydi
Joriy yil mart oyida Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda alohida ishlash talab etiladigan yoshlarni mansabdor shaxslarga biriktirish orqali qo‘llab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi.
Shu o‘rinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlar siyosatida mutlaqo yangi tizim joriy etilganini qayd etish zarur. 2023 yildan boshlab mamlakatimizda "mahalladan vazirlikkacha" tamoyili asosida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” tizimi shakllantirildi. “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisiga biriktirilgan yoshlar bilan ham individual tarzda ish olib borish amaliyoti tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi.
2024 yilda Jamiyat Boshqaruv raisiga nomma-nom biriktirilgan Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi 28 nafar og‘ir toifadagi yoshga manzilli, tizimli ko‘mak ko‘rsatildi. Eng avvalo, Toshkent tumanidagi 4-, 9 va 27-umumta’lim maktablari hududlarida barcha sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy sport maydonchasi, eng so‘nggi kompyuterlar va dasturiy ta’minot bilan jihozlangan IT xonalari hamda mo‘jazgina kutubxonalarni o‘zida jamlagan Yoshlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu albatta hudud aholisining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular imkoniyatlarini to‘laligicha ro‘yobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Shuningdek, biriktirilgan yoshlarning 7 nafari bandligi ta’minlandi, 10 nafariga psixolog yordami ko‘rsatildi, 6 nafariga moddiy yordam ajratildi. Xulqi ijobiy tomonga o‘zgargan 12 nafar yosh probatsiya va 1 nafar yosh profilaktika hisobidan chiqarildi. 4 nafar yoshga o‘zini o‘zi band qilishi uchun asbob anjomlar ajratildi.
Joriy yilda ham Komissiya tomonidan mamlakatimizdagi mavjud 9 452 ta mahallada xonadonma-xonadon o‘rganishlar natijasida 14-30 yosh orasidagi 9,2 million yosh “yoshlar balansi”ga kiritilgan.
Kuni kecha “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi joriy yilda biriktirilgan Bekobod tumanidagi 5 ta mahallada yashovchi jami 54 nafar yosh bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida ularning oilaviy, ijtimoiy holati, muammolari, qiziqishlari, orzulari haqida suhbatlashildi.
Endi ushbu yoshlarga ko‘maklashish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifa va tadbirlar ishlab chiqiladi. Vazifalarning ijrosi kelgusida muntazam ravishda tashkil etib boriladigan uchrashuvlarda nazorat qilib boriladi.
Yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotda munosib o‘rin egallashi, muammolarini hal etish va xulq-atvorini tuzatishga qaratilgan bu kabi tizimli yondashuv, shubhasiz, mamlakatimiz kelajagini barpo etayotgan yosh avlodga tayanch bo‘lib xizmat qiladi.