Energetika forumi o‘z ishini faol davom ettirmoqda
Poytaxtdagi “Milliy ko‘rgazmalar markazi – CAEx”da “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2025” 27-xalqaro ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston xalqaro energetika forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ayni damda Forum plenar sessiyalarga bo‘lingan holda davom etmoqda.
Plenar sessiyaning birinchi qismi vazirlar muloqotiga bag‘ishlanib, unda xalqaro va mintaqaviy energetika sohasining yetakchi rasmiylari, mutaxassislari hamda biznes vakillari ishtirok etdi.
Sessiyaga Nyu-York universitetining Abu-Dabidagi filiali professori va CNN telekanali loyiha bosh muharriri Jon Defterios moderatorlik qildi.
Plenar majlisda yagona energetika bozori doirasida mintaqaviy hamkorlik strategiyasi, energetika sohasidagi samarali va iqtisodiy jihatdan manfaatli yechimlar yuzasidan mintaqaviy muloqot, zamonaviy energetika bozorini shakllantirish uchun qulay biznes muhitini yaratish, barqaror va “yashil” energiya ishlab chiqarish sohasida davlatlarning o‘rni, yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha amalga oshirilayotgan strategiyalar kabi muhim mavzular muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Turkmaniston Davlat vaziri, “Turkmengaz” davlat konserni raisi Maksat Babayev, Perm o‘lkasi gubernatori Dmitriy Maxonin, Malayziya Energetika va suv transformatsiyalari vazirligi (PETRA) Bosh kotibi Dato Xadji Mad Zaydi Moxd Karli, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Ozarbayjon Energetika vazirlarining o‘rinbosarlari kabi yuqori martabali mehmonlar nutq so‘zladi.
Forum o‘z ishini turli mavzulardagi muhokamalar va taqdimotlar bilan davom etirmoqda. Uning doirasida energetika sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim kelishuvlar, investision takliflar va loyihalarni taqdim etish rejalashtirilgan.