Ayrim toifadagi shaxslarga benzin uchun to‘lanadigan kompensatsiya miqdori oshirildi
Qonunchilikka muvofiq, bir qator shaxslarga avtomobil benzini sotib olish xarajatlarining bir qismi oylik pul kompensatsiyasi sifatida to‘lanadi.
Shu paytga qadar mazkur to‘lov miqdori 75 000 so‘mni tashkil etar edi.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil benzini sotib olish xarajatlarining bir qismi uchun shaxslarning ayrim toifalariga oylik pul kompensatsiyasi to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga o‘zgartirishlar kiritilib, hukumat huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining 2023 yil 3 iyuldagi qarori bilan ushbu turdagi kompensatsiyaning yangi miqdori belgilandi.
Unga ko‘ra, benzin uchun kompensatsiya miqdori 2023 yil II chorakdan boshlab 116 180 so‘mni tashkil qiladi (55 foizga oshdi).
Kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar yashash joyi bo‘yicha pensiya va nafaqalar tayinlanadigan organlarga murojaat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida: Benzin uchun kompensatsiya to‘lovlari "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan moliyashlashtiriladi.