October 24

Sog‘liqni muhofaza qilish va mehnat xafsizligi yo‘nalishida Buxoro NQIZ 99,8 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tarkibiga kiradigan boshqarma va korxonalar faoliyatini baholash maqsadida sanoat va ekologiya xavfsizligi, sog‘liqni muhofaza qilish va mehnat xavsizligi yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy reyting tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, o‘tkazilgan kompleks baholash jarayonida baxtsiz xodislarga yo‘l quymaslik, xavfsizlik madaniyatini rivojlantirish, ishlab chiqarishda nazorat tadbirlarini o‘tkazish, texnologik intizomga rioya qilish, ishchi xodimlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar atroflicha o‘rganildi.

Baholash natijalariga ko‘ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 99,8 ball to‘plab birinchi o‘rinni egalladi. Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi ikkinchi, “Chinobod neft bazasi” uchinchi, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi to‘rtinchi, “Uzbekistan GTL” zavodi esa beshinchi o‘rinni qayd etdi.

Ushbu korxonalar faoliyatida xavfsiz ish jarayonlarini ta’minlash, ishlab chiqarishda texnologik intizomni kuchaytirish va profilaktik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yganligi yuqori ball to‘plashiga sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga, reytingda yuqori ball to‘plagan korxonalar o‘z majburiyatlariga mas’uliyat bilan yondashib, ishlab chiqarish jarayonlarida xavfsizlik standartlariga qat’iy amal qilmoqda. Ular ishchi xodimlar malakasini muntazam oshirish, xavfsizlik madaniyatini rivojlantirish, mehnat sharoitini yaxshilash, sanoat xavfsizligini va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni joriy etmoqda.

Ushbu reyting tizimi soha korxonalari faoliyati samaradorligini oshirish, xavfsizlik madaniyatini rivojlantirish, xavfsiz ish muhitini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish va barqaror ishlab chiqarish jarayonlarini shakllantirishga xizmat qiladi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati