“Schlumberger” bilan hamkorlikning yangi qadamlari belgilab olindi
Prezident topshiriqlari asosida “O‘zbekneftgaz” AJ yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar olib bormoqda. Muzokaralarning asosiy maqsadi neft va gaz loyihalarining samaradorligini oshirish, uglevodorodlarni qazib chiqarish, qayta ishlash hajmini ko‘paytirish, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va soha barqarorligini ta'minlash uchun zamonaviy texnologiya va xalqaro tajribalarni jalb qilishdir.
“Schlumberger” kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham hamkorlikning hozirgi natijalari muhokama qilinib, kelgusidagi qadamlar muvofiqlashtirildi.
Avvalroq ushbu kompaniya tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJning geologik-qidiruv ishlarining samaradorligini oshirish va tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini ko‘paytirishga qaratilgan 2024–2030 yillarga mo‘ljallangan qisqa va uzoq muddatli strategiya ishlab chiqilgan edi.
Unda yangi investitsion bloklarda geologik-qidiruv ishlarini olib borish orqali qazib olish hajmini oshirish, bajarilayotgan tadbirlar sifatini yaxshilash, yangi resurslarni izlab topish va ularni ishlab chiqarishga jalb qilish, shuningdek, bir qator geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilgan.
Ushbu chora-tadbirlar uzoq muddatli istiqbolda uglevodorodlarni qazib olish hajmini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi va “Schlumberger” o‘zining xalqaro tajribasi va ilg‘or innovatsion texnologiyalarini ushbu ulkan loyihani amalga oshirish uchun qo‘llaydi.
Uchrashuvda ushbu strategiyani amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘zaro kelishib, hamkorlik mexanizmini ishlab chiqishga darhol kirishish zarurligini ta'kidladilar.
Bu mexanizm aniq qadamlarni, mas'ul tomonlarni va asosiysi muddatlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu jihatlarning barchasi loyihaning izchil va samarali amalga oshirilishini ta'minlaydigan “Yo‘l xaritasi”da qayd etiladi.
Uchrashuv tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning strategik ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi. Belgilangan qadamlar va erishilgan kelishuvlar operatsiya samaradorligini oshirish va innovatsion yechimlarni joriy etishga qaratilgan qo‘shma ishlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.