April 7

Mutaxassislar Buyuk Britaniya  qonunchiligini o‘rgandi

Ruscha

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan "Uchinchi davlatlar kontekstida Buyuk Britaniya sanksiyalarini tushunish" mavzusidagi vebinarda "O‘zbekneftgaz" AJning Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti xodimlari ishtirok etdi.

Xalqaro yuridik firma Fieldfisher ko‘magida o‘tkazilgan mazkur vebinarda mutaxassislar Buyuk Britaniya tomonidan joriy qilingan sanksiya rejimlari, ularning amal qilish doirasi hamda xorijiy moliyaviy tashkilotlarga ta’siri haqida batafsil ma’lumot oldi.

Tadbir davomida mutaxassislar sanksiya qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar va ularning global moliya tizimiga ta’siri bo‘yicha yangilangan ma’lumotlar bilan tanishishdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya rezidenti bo‘lmagan kompaniyalar uchun ham sanksiyalarga rioya qilish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Vebinar ishtirokchilariga sanksiyalarga moslashish, xatarlarni minimallashtirish va komplayens tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi. Tadbir moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash va xalqaro biznes standartlariga rioya qilish bo‘yicha "O‘zbekneftgaz" AJ xodimlarining malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati