Today

25 ming tonna tamponaj sementiga bo‘lgan ehtiyoj mahalliy ishlab chiqaruvchi tomonidan qoplanadi

Samarqand viloyatida mahalliy sement ishlab chiqaruvchi “China Energy International Group Samarkand Cement” qo‘shma korxonasi bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirish hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha amaliy ishlar olib bormoqda. Shu doirada kompaniya mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida joylashgan sement zavodida bo‘lib, ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishdi.

Zavodning yillik quvvati 3 million tonna turli markadagi sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Shu jumladan, 100 ming tonna PST-I-G-CC-1 markali tamponaj sementi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Ayni paytda korxonada 200 dan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda.

Ma’lumot uchun mazkur tamponaj sementi hozirgacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan bo‘lib, asosan xorijdan import qilinadi. “O‘zbekneftgaz” AJ tarmoq korxonalarida esa yiliga o‘rtacha 25 ming tonna ushbu sementga ehtiyoj mavjud.

Tashrif davomida ishchi guruh zavodning zamonaviy infratuzilmasi, ishlab chiqarish maydonlari va laboratoriyalari bilan tanishishdi. Shuningdek, korxonada energiya ta’minoti uchun ko‘mirdan foydalanilishi va qurilayotgan parogenerator orqali mustaqil ishlash imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.

Zavodda eng so‘ngi texnologiyalar asosida o‘rnatilgan filtr tizimlari orqali atrof-muhitga zararli ta’sirning oldi olinayotgani alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab, qo‘shma ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalarni kelishib oldilar.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati