Korporativ sport musobaqasida Jamiyat xodimlari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi
Jamoa o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollik darajasini yanada oshirish hamda xodimlarni jamoaviy sport turlariga jalb etish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ tizim korxonalarida qator sport tadbirlari tashkil etilmoqda. Shu bilan birgalikda ishchi-xodimlarning respublika miqyosida o‘tkazilayotgan boshqa musobaqalarda ham ishtiroki ta’minlanmoqda.
Xususan, Toshkent shahrida “CoSports” – O‘zbekiston korporativ sport assosiatsiyasi tomonidan respublika korxonalari xodimlari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha Chempionlar korporativ ligasining Ikkinchi kubogi bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zbekneftgaz” AJ, Markaziy bank, “Beeline” - mobil aloqa operatori, “Fix Price” savdo markazi, “Akkermann Cement” zavodi hamda DSR IT-kompaniya xodimlari o‘zaro bellashdi.
Musobaqa Xalqaro shaxmat federatsiyasi qoidalari (rapid) asosida tashkil etildi. Ishtirokchilarga har bir o‘yin uchun 10 daqiqa, har bir yurish uchun esa 2 soniya vaqt ajratildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, musobaqa chempioni va “Oltin kubok”ning 1-o‘rin sohibi “O‘zneftgaz burg‘ulash ishlari” MCHJ xodimi A. Rajabov deb topildi, “Kumush kubok”da 2-o‘rinni Sh. Kamolov egalladi.
Hamkasblarimizni qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan tabriklaymiz va keyingi turnirlarda ularga omad tilaymiz!