Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdori 22,48 foizga kamaytirildi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik madaniyatni yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
2024 yilda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik madaniyatni yaxshilash maqsadida bir qator muhim amaliy tadbirlar amalga oshirildi.
Majmuada 2024 yilda atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli ishlar olib borildi. Qozonxonalar zamonaviy ilg‘or texnologiyalar bilan almashtirilib, chang gaz tozalovchi uskunalarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Natijada, atmosfera havosiga tashlangan zararli gazlar miqdori belgilangan me’yordan 22,48% kamaytirildi.
Shu bilan bir qatorda, Germaniyaning HORIBA kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan maxsus stasionar kuzatuv punkti orqali atmosfera havosini uzluksiz monitoring qilish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu stansiyalar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish vazirligi tasarrufidagi “O‘zgidromet” xizmati agentligiga integratsiya qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, o‘tgan yilda majmuada suv resurslarini tejash bo‘yicha muhim qadamlar amalga oshirildi. Past bosimli bug‘ va bug‘ kondensatini qayta ishlash orqali 28 614 metr kub va tozalangan maishiy oqova suvlaridan sug‘orish maqsadida 79 129 metr kub suv tejaldi. Bu sa’y-harakatlar orqali, ishlab chiqarish jarayonida oqova suvlar miqdori belgilangan me’yordan 36,4% kamaytirildi.
Bundan tashqari, sanoat chiqindilarini qayta ishlash bo‘yicha ham muvaffaqiyatli tadbirlar amalga oshirildi. 2024 yilda umumiy chiqindilarning 87% (1 897,62 tonna) qayta ishlanib, ikkilamchi mahsulot sifatida sotildi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 17% oshgan.
"Yashil makon" loyihasi doirasida o‘tgan bir yilda 37 877 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Shu tariqa majmua atrofida barpo etilgan “Yashil belbog‘” - daraxtzorlar maydoni 496 gektarga yetkazildi. 237 gektariga tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilindi. Bu orqali suvdan oqilona foydalanish amaliyoti kuchaytirildi.
2025 yil majmuada ekologik tadbirlar yanada kengaytiladi.
Jumladan, oqova suvlarni chuqur qayta tozalash orqali 1,0 million metr kub suv resurslarini tejash, Oltingugurt olish qurilmasidagi katalizatorni almashtirish orqali, atmosfera havosiga tashlanadigan zararli gazlar miqdorini qisqartirish va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun yangi texnologiyalar joriy etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, sanoat chiqindilaridan qayta foydalanish bo‘yicha ilg‘or usullar ishlab chiqish maqsad qilingan.