Samaradorlik past, endi mas’uliyat oshiriladi
Neft va gaz qazib chiqarish barqarorlgini ta’minlash uchun mas’ul rahbarlarning shaxsiy javobgarligi belgilandi.
Avval xabar berilganidek, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi tomonidan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari rahbarlari ishtirokida joriy yil faoliyati natijalari hamda 2026 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimotlar ko‘rib chiqilmoqda.
Dastlab, Jamiyatning yillik tabiiy gaz qazib chiqarishda 39 foiz, neft qazib chiqarishda 99 foiz, kondensat bo‘yicha 16 foiz ulushga ega bo‘lgan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi faoliyati ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda boshqarma tomonidan 9,7 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olingan bo‘lib, prognoz ko‘rsatkichlari 98,9 foizga bajarilgan. Shu bilan birga, ayrim quduqlarda suvlanish va bosimning pasayishi, avariyaviy to‘xtashlar hamda moliyaviy kamchiliklar aniqlangan.
Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbariyati taqdimotida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish, debitor qarzdorlikni undirish hamda omborlarda to‘planib qolgan 4,7 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklardan samarali foydalanish hisobiga yangi resurslar xaridini cheklash vazifalari belgilandi.
Shuningdek, qisqa muddatda ortiqcha energiya sarfi sabablarini o‘rganib, samaradorlikni oshirish bo‘yicha aniq takliflar taqdim etish hamda 7 ta yangi suyultirilgan gazni saqlash rezervuarini ishga tushirish topshirildi.
Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi faoliyati tahliliga bag‘ishlangan taqdimotda qazib chiqarish rejalarining tizimli ravishda bajarilmagani asosiy muammo sifatida o‘rtaga tashlandi.
Ushbu boshqarmaning yillik tabiiy gaz qazib chiqarishdagi ulushi 13,5 foizni, kondensat bo‘yicha 2 foizni tashkil etishiga qaramasdan, reja ko‘rsatkichlari ta’minlanmagani jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Quduqlarni o‘z vaqtida ishga tushirmaslik va pudratchilar faoliyati ustidan yetarli nazorat o‘rnatilmagani tanqid qilindi.
Boshqaruv raisi shu kungacha pudratchilar bilan ishlashda iqtisodiy samaradorlik, shartnomaviy majburiyatlar va ijro nazorati masalalari ochiq qolganiga e’tiroz bildirib, mas’ul rahbarlardan aniq va asosli javoblar talab qildi.
Yig‘ilish yakunida Muborak, Sho‘rtan va Ustyurt qazib chiqarish boshqarmalari rahbariyatining joriy yilda gaz qazib chiqarishda yo‘l qo‘ygan qoloqliklari sabab faoliyati qoniqarsiz deb baholandi. 2026 yilda barcha ko‘rsatkichlarni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi uchun rahbarlarning shaxsiy javobgarligi belgilandi.
Shuningdek, Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi faoliyati ham ko‘rib chiqildi. Taqdimotda joriy yilda tabiiy gaz qazib chiqarish rejasi 107,8 foizga, neft qazib chiqarish esa 162,5 foizga bajarilgani qayd etildi. Shu bilan birga, Boshqaruv raisi mazkur boshqarmaning kelgusi istiqbolini o‘rganish va uni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar kiritish vazifasini belgilab berdi.
Boshqarmalar rahbarlari bilan muloqotlarda eng asosiy masalalardan biri oddiy ishchilarning yashash sharoiti, ijtimoiy muxofazasi bo‘ldi. Xususan, zavod va konlarda ishlayotganlar uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
— Ishchilarning konlarga xavfsiz qatnovi, ijtimoiy himoyasi, turar joyi, oziq-ovqati, maxsus kiyim-kechagi hamda moddiy ta’minoti belgilangan talablar darajasida bo‘lishi shart, — dedi Boshqaruv raisi.
Yig‘ilishda Muborak, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida ishlaydigan vaxta ishchilarini xavfsiz tashish uchun bugungi kunda yaroqsiz holatga kelgan avtobuslar o‘rniga zamonaviysini sotib olish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.
Taqdimotda Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli eski 60 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxonada bugungi kunda 140 nafar ishchi yashayotgani tanqid qilinib, boshqarma ishchi mehnatchilari uchun yangi, barcha talablarga javob beradigan zamonaviy yotoqxona qurish vazifasi mas’ullarga yuklatildi.
Qabul qilingan qarorlar ishchilar salomatligi, mehnat unumdorligi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, qazib chiqarish hajmlarini oshirish, xavf-xatarlarni kamaytirish va moliyaviy samaradorlikka erishishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.