Quduqlarni burg‘ilash samaradorligini oshirishda xorij tajribasi qo‘llaniladi
Rossiya energetika haftaligi doirasida “Gazprom neft” va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida tegishli shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra "Gazpromneft" O‘zbekiston konlarida quduqlarni burg‘ilash jarayonlarini optimallashtirishga ko‘maklashadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ konlarida quduqlarni qurish va ulardan foydalanish uchun “Gazpromneft – Noyabrskneftgaz” loyihaning operatori sifatida muhandislik yondashuvlari va yechimlarini ishlab chiqadi.
U burg‘ilash nazorati, burg‘ilash uskunalari auditi, quduq dizaynini o‘zgartirish bo‘yicha tavsiyalar va burg‘ilash suyuqligining optimal formulasini tanlashni o‘z ichiga oladi. “Gazprom neft” kompaniyasining ilg‘or texnologiyalari va tajribasi “O‘zbekneftgaz”ga quduqlarni qurish vaqtini 20 foizdan ko‘proq muddatga qisqartirishga yordam beradi.
“Noyabrskneftgaz” mutaxassislaridan iborat guruhlar quduq unumdorligini maksimal darajada tiklash borasida o‘zlashtirishning kech bosqichidagi konlarni ishlatish uchun zarur texnologik malakalarga ega.
Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJda burg‘ilashni boshqarish markazini tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda. Bunda “Gazprom neft” dasturiy ta’minoti va uning quduqlarni qurish borasidagi ilg‘or tajribasidan ham foydalanish rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, "Gazpromneft" 2012 yildan buyon uglevodorodlarni qazib olish va texnologik jarayonlar samaradorligini oshirish imkonini beruvchi burg‘ilashni boshqarish markazlarini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Ayni paytda kompaniya tasarrufida burg‘ilashni tunu-kun nazorat qiladigan yuqori texnologiyali 10 ta quduq qurilishini boshqarish markazi mavjud. Ularning ulushi jami 87 foizni tashkil etadi. Xorijiy kompaniya bilan hamkorlik Jamiyatning innovasion faoliyatini faollashtiradigan yangi texnologiyalar va yechimlarni yaratish imkonini beradi.
Vadim Yakovlev, "Gazprom neft" kompaniyasining geologiya va qazib chiqarish bo‘yicha bosh direktori o‘rinbosari:
– O‘zlashtirilishi qiyin bo‘lgan zahiralar va murakkab quduqlar bilan ishlash bo‘yicha tajribamiz noyob texnologik malakalarni rivojlantirish imkonini berdi. Bugungi kunda "Gazprom Neft" kompaniyasi faoliyat yuritadigan hududlardagi konlarda quduqlar qurilishini masofadan boshqaradigan yuqori texnologiyali markazlar mavjud”.
Bahodir Sidiqov, “O‘zbekneftgaz”AJ Boshqaruvi raisi:
– “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qazib chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda. Bu sohada ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash - qazib chiqarish jarayonlarini rejalashtirish, muvofiqlashtirish va optimallashtirish imkonini beradi. Buning natijasida xatarlar kamayishi, jarayon nazorati va mehnat unumdorligi oshadi. Shu nuqtai nazardan, “Gazprom neft” bilan hamkorlikda burg‘ilashni boshqarish markazining tashkil etilishi quduqlarni burg‘ilash bilan bog‘liq barcha jarayonlarni yanada samarali va uyg‘un boshqarishni ta’minlaydi. Mutaxassislarimiz bir necha yillar davomida ana shunday markazni tashkil etish uchun xalqaro kompaniyalar tajribasini o‘rganishdi. O‘rganishlar natijasida “Gazprom neft” kompaniyasi bilan hamkorlikda loyihani amalga oshirishga qaror qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, "Gazpromneft-Noyabrskneftgaz" "Gazprom neft" kompaniyasining shoʻba korxonasi hisoblanadi. Korxona Yamalo-Nenes va Xanti-Mansi avtonom hududidagi 37 ta konda neft va gaz qazib chiqarish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya sanoatga xos bo‘lgan texnologiyalarni joriy etish tajribasiga ega. 2020 yildan buyon uzunligi 1 km ga yetadigan ikki gorizontal shaftalarda bir vaqtning o‘zida qatlamlarni gidravlik yorish imkonini beruvchi murakkablik darajasi yuqori bo‘lgan quduqlarni qurib kelmoqda. “Gazpromneft-Noyabrskneftgaz”ning quduq qurilishini boshqarish markazi yagona raqamli makonda burg‘ilash uchun to‘liq muhandislik, texnologik va geologik yordamni ta’minlaydi. Markaz mutaxassislari bir vaqtning o‘zida 50 ga yaqin qazib olish va izlov-burg‘ilash quduqlari qurilishi, burg‘ilash, yotqizish, ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlari – quduq maydonchasini tayyorlashdan tortib ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni tunu-kun monitoring qilib boradi.