Neft bazalarda “favqulodda holat”: 3 oydagi xulosa qanday?
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligida neft bazalar faoliyatiga bagʻishlangan navbatdagi tanqidiy-tahliliy yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda bajarilmay qolgan vazifalar, sustkashlik va tizimli muammolar keskin tanqid qilindi.
Joriy yil boshida jamiyatga qarashli 14 ta neft baza, 38 ta filial, 8 ta ombor va 468 ta shoxobchani oʻz ichiga qamrab olgan tarmoqda aniqlangan jiddiy kamchiliklar sabab “favqulodda holat” eʼlon qilingan edi. Shuningdek, 6 ta neft baza rahbari lavozimidan ozod etilib, masʼullar oldiga ortiqcha xarajatlarni qisqartirish, tizimdagi talon-tarojliklarga chek qoʻyish maqsadida raqamlashtirish va avtomatlashtirishni jadallashtirish, yer uchastkalarini konservatsiya qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan edi.
1-kvartal yakunlari bilan topshiriqlar ijrosi koʻrib chiqildi.
153,8 mlrd soʻm iqtisod qilish mumkin
“Dolzarb 100 kunlik” dasturi doirasida 2026-yil uchun biznes rejalar qayta koʻrib chiqilib, samarasiz shtat birliklari, aktivlar qisqartirildi. Natijada boshqaruv tizimi soddalashtirilib, 153,8 mlrd soʻm miqdorida iqtisod qilish imkoniyati yaratildi.
Biroq, Boshqaruv raisi taʼkidlaganidek, iqtisod koʻrsatkichlarining mavjudligi — tizim toʻliq isloh qilinganini anglatmaydi. Asosiy vazifa — barqaror, shaffof va samarali boshqaruvni taʼminlashdan iborat boʻlishi kerak.
Raqamlashtirish: qimmat loyiha emas, ishlaydigan yechim kerak
Yigʻilish kun tartibidan oʻrin olgan yana bir muhim masala — neft bazalarni raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv modelini joriy etish masalalari. Bu borada xorijiy ilgʻor tajribalar oʻrganilib, milliy modelni ishlab chiqish boʻyicha vazifa belgilangan edi.
Shu munosabat bilan masʼullar tomonidan Kuchlik, Andijon (Mozorgurunch va Poytugʻ) hamda Termiz (Denov va Boldir) neft bazalarini kameralashtirish, kirish-chiqish nazorati va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish pilot loyihasi taqdimoti oʻtkazildi.
Boshqaruv raisi loyiha chuqur tahlildan yiroq, yuzaki yondashuv va undan iqtisodiy samara sezilmayotganini qayd etdi.
925 ta avtoyonilgʻikash: har beshinchisi — muammo
Yigʻilishda shuningdek, neft bazalarda uzoq yillardan beri foydalanib kelinayotgan, iqtisodiy samaradorligi past yoki zarar keltirayotgan eski texnikalardan voz kechish zarurligi ham alohida urgʻulandi.
Olib borilgan oʻrganishlar natijasida 119 ta fermerlarga yoqilgʻi tarqatish shoxobchalarini demontaj qilib, hammasini mahalliy hokimliklar balansiga oʻtkazish, qolgan FYOTSHlarni 79 ta AYOQSHga aylantirib samaradorligidan unumli foydalanish topshirildi.
Ayni paytda tizimdagi mavjud 925 ta avtoyonilgʻikashning 187 tasi nosoz. 78 tasi muddatini oʻtagan. 148 tasi sotuvda.
Bozor mexanizmlariga moslashish
Yigʻilishda neft bazalar tijorat faoliyatini kengaytirishga doir mexanizmlarni ham takomillashtirish masalasi koʻrib chiqildi. Bugungi kunda yangi tashkil etilgan Neft bazalar faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti tashabbusi bilan dizel yonilg‘isini kichik hajmlarda birja orqali sotishdan olinayotgan daromadlar tahlil qilindi. Ushbu tajriba samarali deb topilib, endilikda benzinni ham kichik lotlarda realizatsiya qilishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Boshqaruv raisi tomonidan tegishli topshiriqlar berildi. Bu bozor mexanizmlarini chuqurlashtirish va raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Soliq yukini optimallashtirish maqsadida samarasiz obyektlarni qisqartirish, demontaj va realizatsiya qilish ishlari tanqidiy tahlil qilinib, ulardan samarali foydalanish boʻyicha aniq choralar belgilandi.
Yigʻilish yakunida Boshqaruv raisi neft bazalar tizimida islohotlar boshlanganini, ammo kutilgan natijalar hali toʻliq namoyon boʻlmaganini taʼkidladi. Bundan buyon barcha masʼullarga hisobotlar emas, aniq, amaliy natija talab qilinishi uqtirildi.