Qazib chiqarish jarayonlarida ishonchli elektr taʼminoti mustahkamlanmoqda
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan gaz qazib chiqarish jarayonlarini barqaror tashkil etish hamda texnologik obyektlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida tizim korxonalarida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish, avariyaviy holatlarning oldini olish va elektr tarmoqlari ishonchliligini yanada oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tasarrufidagi “Shoʻrtan–1” va “Shoʻrtan–2” 110 kVli havo elektr uzatish tarmoqlarida kapital taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Qayd etish joizki, 1983–1984-yillarda foydalanishga topshirilgan, har biri 48 kilometr uzunlikka ega mazkur elektr uzatish tarmoqlari orqali “Shoʻrtan-8” va “Shoʻrtan-40” podstansiyalari hamda qator ishlab chiqarish obyektlari elektr energiyasi bilan taʼminlanadi.
Taʼmirlash ishlari davomida eskirgan elektr uskunalari yangilanib, simlar va izolyatorlar almashtirilmoqda, tayanch ustunlar esa mustahkamlanmoqda. Ayni vaqtda “Shoʻrtan–1” tarmogʻidagi kapital taʼmirlash ishlari toʻliq yakunlanib, liniya kuchlanish ostiga qoʻyildi. “Shoʻrtan–2” tarmogʻida esa taʼmirlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan mazkur ishlar elektr taʼminoti barqarorligini taʼminlash, texnologik jarayonlar uzluksizligini saqlash hamda qazib chiqarish samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.