November 6

Amerikaning “Gulf Oil” brendi bilan $100 mlnlik AYOQSHlar va “Saneg” konlari taqdiri nima boʻldi

Matbuot anjumanida jurnalist bergan ushbu savollarga “Oʼzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining oʼrinbosari A.Xudoyberganov quydagicha javob berdi:

— Amerikaning “Gulf” kompaniyasi bilan AYOQSHlar tarmogʻini tashkil etish loyihasida bizning asosiy vazifamiz — hamkor sifatida investorlarga mahalliy bozorni oʻrganishda toʻgʻri yoʻnalish koʻrsatish va zarur koʻmakni berish boʻlgan. Loyiha boʻyicha respublikaning deyarli barcha viloyatlari, jumladan, transport qatnovi gavjum boʻlgan asosiy katta trassalar va yoʻl yoqalari toʻliq oʻrganildi hamda barcha birlamchi hujjatlar jamlandi. Hozirda investor (“Gulf”) tomonidan loyihaning iqtisodiy samaradorligi hisob-kitob qilinmoqda. Xususan, ushbu hududlardagi transport oqimi, ichki bozordagi mavjud AYOQSHlar zichligi va elektromobillar sonining ortishi hisobga olingan holda, qayerda shoxobcha qurish oʻzini qanchalik oqlashi tahlil etilmoqda. “Oʻzbekneftgaz” ushbu loyihada qaysidir ulush (foiz) bilan ishtirok etishi boʻyicha hali yakuniy qaror qabul qilinmagan. Investor iqtisodiy tahlillar asosida yakuniy xulosaga kelganidan soʻnggina keyingi bosqichga oʻtiladi.

— Yaqinda Davaktiv tomonidan “Saneg” kompaniyasining neft konlari boʻyicha litsenziyalari bekor qilingani eʼlon qilindi. Ayni damda ushbu konlarning operatsion va moliyaviy nazorati kimda?

— Birinchidan, “Saneg” — mutlaqo alohida mustaqil kompaniya boʻlib, “Oʻzbekneftgaz”ga hech qanday boʻysunmaydi va biz bilan bu masalada hamkorlik aloqalari mavjud emas. Ikkinchidan, litsenziyalarning bekor qilinishi haqidagi xabar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan eʼlon qilindi, shu sababli bu borada toʻliq maʼlumotni Davaktiv yoki “Saneg” rahbariyatidan olish maqsadga muvofiqdir. Uchinchidan litsenziyalari bekor qilingan konlar, ularning ulushi yoki operatsion nazorati “Oʻzbekneftgaz” AJga oʻtkazilmagan va tizimga berilmagan.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati